Germaniyada Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ish to‘xtatildi
Germaniyaning Myunxen shahri prokuraturasi tadbirkor, USM xoldingi asoschisi Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni buzish gumoni bilan olib borilgan tergovni to‘xtatdi. Bu haqda biznesmen vakillari ma’lum qildi.
Qaror Germaniya Jinoyat-prosessual kodeksining 153a-moddasiga muvofiq qabul qilingan. Ushbu tartibga ko‘ra, Usmonov ixtiyoriy ravishda xayriya maqsadlariga pul o‘tkazishga rozi bo‘lgan.
«Tergov qayta ochilmaydi, Alisher Usmonovga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi to‘liq saqlanadi», – deyiladi uning himoyachilari bayonotida.
Tergov Germaniyaning tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi qonunchiligiga oid ehtimoliy qoidabuzarliklar bilan bog‘liq edi. Xususan, 2022 yilda Bavariyaning Rottax-Egern hududida joylashgan ko‘chmas mulkni qo‘riqlash xizmatlari xorijiy kompaniyalar orqali to‘langani va ushbu mulkiy qiymatlar Germaniyaning Iqtisod va eksport nazorati federal idorasi (BAFA)da deklarasiya qilinmagani haqida gumonlar bildirilgan.
2024 yilda ushbu epizodlar yagona dastlabki tergov doirasida birlashtirilgan.
Alisher Usmonovning himoyachilari barcha gumonlarni izchil rad etib, tadbirkorning mazkur kompaniyalar yoki ko‘rsatilgan mulk bilan aloqasi yo‘qligini, shuningdek, unga nisbatan sanksiya normalari qo‘llanmasligini ta’kidlab kelgan.
Natijada tergov sud bilan kelishilgan holda va Usmonovning roziligi bilan Germaniya Jinoyat-prosessual kodeksining 153a-moddasi (shartlar bajarilgan taqdirda ishni tugatish) asosida to‘xtatildi. Kelishuv doirasida tadbirkor ixtiyoriy ravishda xayriya maqsadlariga pul o‘tkazgan.
Prokuratura ta’kidlashicha, ushbu gumonlar bo‘yicha ishni qayta ochish mumkin emas va Usmonovga nisbatan aybsizlik prezumpsiyasi saqlanib qoladi.
Usmonov manfaatlarini himoya qilayotgan Wannemacher & Partner advokatlik byurosi ma’lum qilishicha, tadbirkorga hech qachon rasman ayblov qo‘yilmagan va mazkur ish, 2024 yilda yopilgan avvalgi ish kabi, dastlabki tergov bosqichidan chiqmagan.
Advokatlar ta’kidlashicha, ish uch yildan ortiq davom etgan va uni davom ettirish «resurslarni ma’nosiz sarflash»ga olib kelar edi. Shu sababli, prosessual iqtisod va sog‘liqni saqlash nuqtai nazaridan Usmonov ishni qonun doirasida tugatishga rozi bo‘lgan.
«Biz janob Usmonovning obro‘-e’tibori to‘liq tiklanishiga umid qilamiz», – deyiladi advokatlar bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabrida Frankfurt-na-Mayne bosh prokuraturasi ham Alisher Usmonovga nisbatan pul yuvish gumoni bilan ochilgan tergovni ayblov qo‘ymasdan to‘xtatgan edi.
