8 mingdan ortiq yetim bolalarga 500 dollardan depozit ochildi
Shu yildagi Yangi yil Prezident archasi doirasida 17 yoshgacha bo‘lgan 8 ming nafardan ortiq yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning har biri uchun omonat depozit hisob raqamlari ochilib, davlat tomonidan 500 AQSh dollari miqdorida mablag‘ joylashtirildi.
Bu haqda Ijtimoiy himoya agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar yildan yilga kapitalizasiya hisobiga jamg‘arilib boradi. Bola 18 yoshga to‘lgach, ushbu mablag‘lardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, mustaqil hayotga qadam qo‘yish uchun ilk qarorlarini qabul qilishi mumkin.
9 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalar va ularning qonuniy vakillariga ijtimoiy kartalar berildi. Bu qulaylik, xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida amalga oshirildi. Ijtimoiy karta bugunoq foydali: u orqali jamoat transportidan imtiyozli sharoitlarda foydalanish, xaridlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shaxsni tasdiqlash, shuningdek, ijtimoiy yordam va xizmatlarni olish huquqini tasdiqlash mumkin. Barcha operasiyalarni Baraka mobil ilovasi orqali kuzatish va nazorat qilish mumkin.
Ushbu qo‘llab-quvvatlash davlat g‘amxo‘rligiga alohida muhtoj bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan:
- mahallalarda istiqomat qiluvchi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar;
- mehribonlik uylari, oilaviy va kichik hajmli bolalar uylari hamda SOS bolalar qishloqlari tarbiyalanuvchilari;
- ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish chog‘ida halok bo‘lgan bolalar;
- «Taskin» bolalar xospisi huzuridagi bolalar onkologiya shifoxonasida davolanayotgan bolalar.
«Taskin» bolalar xospisida davolanayotgan bolalar uchun alohida tartib belgilangan:
- depozit hisob raqamidagi mablag‘lar zaruratga ko‘ra va qonuniy vakillar murojaati asosida istalgan vaqtda bank kartasiga o‘tkazilishi mumkin.
