Germaniyada 50 yil oldin qotillik sodir etgan ofiserga hukm o‘qildi
1974 yilda GDRni chegara punkti orqali tark etmoqchi bo‘lgan polyak Cheslav Kukushkaning orqasidan o‘q uzib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan «Shtazi» (Germaniya davlat xavfsizligi vazirligi) xodimi 10 yilga muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Leypsigda yashovchi 80 yoshli erkakka hukmni Berlin sudi chiqardi.
Qayd etilishicha, Berlin prokuraturasi ayblanuvchi uchun 12 yil qamoq jazosini so‘ragan. Prokuror Henrike Hillmanga ko‘ra, 1974 yil 29 mart kuni o‘sha vaqtda oberleytenant unvonida bo‘lgan erkak 2-3 metr uzoqlikdagi pistirmadan 38 yoshli Cheslav Kukushkaga o‘q uzgan.
Ayblanuvchi o‘ziga qo‘yilgan jinoyat yuzasidan ko‘rsatma bermagan. Uning himoyasiga ko‘ra, erkakning qotillikka aloqadorligini aniq isbotlab bo‘lmaydi. Sud jarayoni avvalida advokat Andrea Libsher o‘z himoyasi ostidagi erkak aybini tan olmasligini ma’lum qilgandi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Saksoniyada yashagan erkak «Shtazi» tezkor guruhida xizmat qilgan va polyakni «zararsizlantirish» topshirig‘i ostida ish ko‘rgan. Nemis OAVning yozishicha, Kukushka Polsha elchixonasiga bomba mulyaji yordamida bostirib kirib, G‘arbiy Berlinga o‘tib ketishga uringan.
Ta’kidlanishicha, maxsus xizmat xodimlari erkakka soxta hujjatlar berib, uni tuzoqqa tushirgan. Ya’ni ular fuqaroni Fridrixshtrassdagi nazorat-o‘tkazish punktiga kuzatib qo‘ygan, ammo u chegaradagi oxirgi nazoratdan o‘tayotganida o‘q ovozi yangragan.
G‘arbiy Germaniyadagi Gessen federal yerlarining o‘quvchilari o‘sha vaqtda ayblov tomonida guvohlik bergan. Ular Sharqiy Berlinga ekskursiyaga kelganlarida qotillik sodir etilgan. Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, qizlar uzun palto va qora ko‘zoynakdagi erkak kutilmaganda Cheslav Kukushkaning ortida paydo bo‘lib qolib, unga o‘q uzgan. Keyinroq Gessendagi maktab o‘qituvchilari bolalar guvohi bo‘lgan voqea haqida polisiyaga ma’lumot bergan. Ammo GDR Adliya vazirligiga yo‘llangan so‘rovlar natija bermagan.
Ehtimoliy qotilning kimligini ko‘rsatgan dalil 2016 yilda paydo bo‘lgan. GRD Davlat xavfsizligi vazirligining rahbari Erix Milke tomonidan imzolangan buyruqda «Shtazi»ning 12 xodimi ismi keltirilgan bo‘lib, ular yuqoridagi qotillik sabab mukofotlangan. Mazkur hujjatga muvofiq, ayblanuvchi «Bronzadan yasalgan jangovar orden» bilan taqdirlangan.
Avvaliga Germaniya prokuraturasi qasddan tasodifiy qotillik haqida gap ketyapti deb hisoblagan va ishni 2017 yilda to‘xtatgan. Ammo bugungi kunda prokuratura ishda «qasddan qotillik» alomatlari borligi sabab uni qayta ko‘rib chiqishga erishgan. Yangi baholash uchun ayblanuvchini hibsga olish to‘g‘risidagi Yevropa orderiga Polsha tomonining doimiy tekshiruvlaridan so‘ng chiqarilgan order asos bo‘lib xizmat qilgan.