G‘azoda halok bo‘lganlar soni qanday hisoblanmoqda?
2023 yil 7 oktbyardan buyon Isroilning G‘azoga yer, havo va suvdan uyushtirgan hujumlari natijasida 39 000 dan ortiq falastinlik, asosan ayollar va bolalar halok bo‘ldi, qariyb 91 ming kishi jarohatlandi. Yana o‘n minglab falastinliklar vayronalar ostida qolmoqda.
Halok bo‘lganlar soni qanday hisoblanadi?
Urushning dastlabki oylarida halok bo‘lganlar soni faqatgina kasalxonalarga kelgan jasadlarni sanash hamda qurbonlarning ismi va pasport raqamlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar orqali hisoblangan.
Mojaro davom etar ekan, kasalxona va o‘likxonalarning aksari ishdan chiqqani sababli, rasmiylar boshqa usullarni ham qo‘llashga majbur bo‘lishdi.
May oyidan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi tanib bo‘lmaydigan jasadlarni ham umumiy halok bo‘lganlar soniga qo‘shib, o‘lganlar miqdorini yangilab bordi.
Shuningdek, oila a’zolar tomonidan onlayn tarzda xabar qilingan o‘limlarni ham hisobga olish boshlandi.
Halok bo‘lganlar soni to‘liqmi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, raqamlar qurbonlarning barchasini aks ettirmaydi, chunki juda ko‘pchilik hali vayronalar ostida yotibdi. May oyining o‘zida taxminan 10 000 ta o‘lim hisobga qo‘shilmagan.
«The Lancet» tibbiyot jurnali 5 iyulda uchta akademikning maktubini e’lon qildi, unda kasallik kabi omillar tufayli kelib chiqqan bilvosita o‘limlar rasmiy taxminlardan bir necha barobar yuqori va ehtimol, 186 000 dan yuqori bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan edi.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha idorasi va Yel jamoat salomatligi maktabining Gumanitar tadqiqotlar laboratoriyasi ham haqiqiy raqamlar e’lon qilinganidan ancha yuqori ekanligini ma’lum qildi, ammo ular ham haqiqiy raqamlarning miqdorini bilmaydi.
Halok bo‘lganlar soni qanchalik ishonchli?
Urushdan avval G‘azo aholisi statistikasi va sog‘liqni saqlash ma’lumotlar tizimlari Yaqin Sharqning ko‘plab mamlakatlarinikiga qaraganda ancha kuchli va aniq ishlar edi, deydi jamoat salomatligi mutaxassislari “Reyters”ga.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti muntazam ravishda vazirlikning halok bo‘lganlar soni haqidagi raqamlaridan iqtibos keltiradi va manba sifatida aynan vazirlikni ko‘rsatadi, Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti esa ularga bu borada to‘liq ishonch bildirgan.
Urush boshida, AQSh prezidenti Jo Bayden halok bo‘lganlar soni haqidagi raqamlarga shubha bildirganidan so‘ng G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘sha paytgacha ro‘yxatga olingan 7 028 ta o‘limning batafsil ro‘yxatini e’lon qildi. 24 iyulda esa iyun oyining oxirigacha aniqlangan 28 185 ta qurbonning ismlaridan iborat yangi ro‘yxatni e’lon qildi.
Falastin Sog‘liqni Saqlash vazirligi mojaroning aksariyat qismida halok bo‘lganlarning taxminan 70 foizi ayollar va bolalar ekanligini taxmin qilmoqda.