G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 29 ming 692 nafarga yetdi

G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni 29 ming 692 nafarga yetdi

So‘nggi 24 soat ichida Isroil harbiylarining harakatlari natijasida 86 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 131 nafari yaralandi. 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan XAMAS va Isroil o‘rtasidagi mojaro avj olgandan beri G‘azo sektorida halok bo‘lgan falastinliklarning umumiy soni 29 692 nafarga, anklavdagi jami yaradorlar soni esa 69 879 nafarga yetdi. Bu haqda yakshanba kuni XAMAS nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Vazirlikning matbuot bayonotida qayd etilishicha, Isroilning shiddatli o‘qqa tutilishi hamda fuqarolik mudofaasi bo‘linmalari va tez yordam brigadalarining yetishmasligi tufayli ba’zi qurbonlar hanuz vayronalar ostida qolgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Sinxua agentligi yozdi.

O‘z navbatida, Isroil mudofaa kuchlari (IDF) yakshanba kuni G‘azo sektori janubidagi janglarda ikki askar halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, G‘azo janubidagi janglarda bir zobit va yana ikki askar og‘ir yaralangan va shifoxonaga yetkazilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 7 oktyabr kuni XAMAS jangarilari 1200 ga yaqin odamni o‘ldirgan, 240 dan ortiq kishini garovga olgan edi. Ularning Isroil janubiga kutilmagan hujumiga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida XAMASga qarshi keng ko‘lamli hujumlarni amalga oshirmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!