Gastrol safari bilan Turkiyaga kelgan aktrisa Islomni qabul qildi
Turkiyaga safaridan so‘ng Islomni qabul qilgan ingliz ayoli avvalgi maqsadlaridan voz kechib, hayotini Islomga bag‘ishlashga qaror qilgan.
Aisha Rozali Buyuk Britaniyada imonsiz oilada tug‘ilgan. Talabalik davridan boshlab u kinematografiya sohasida ishlagani uchun uning eng katta orzusi aktrisa yoki rejissyor bo‘lish bo‘lgan.
Rozali ko‘plab filmlarda rol o‘ynagan, bir qator ssenariylar yozgan va hattoki filmga rejissyorlik qilgan. Qiz Los-Anjelesda ta’lim olgan va bir muncha vaqt AQShda ham yashagan.
22 yoshida Rozali Turkiyaga kelishi uning hayotida burilish nuqtasi bo‘ldi. Istambulda u hadik bo‘lishiga qaramay, Sultonahmet masjidiga borishga qaror qildi. G‘arbning islomga qarshi tashviqoti tufayli u masjidda unga qo‘pol muomala bo‘lishidan qo‘rqqan. Biroq, u duch kelgan muhit qizga chuqur taassurot qoldirdi.
“Men Turkiyaga din izlab kelganim yo‘q. Guglda Istanbulda ko‘rish mumkin bo‘lgan diqqatga sazovor joylarni qidirganimda, Sultonahmet masjidini topdim. Men uni tomosha qilishga ahd qildim. Biroq, men u yerda menga baqirishlari va g‘azablanishlaridan qo‘rqar edim. Menda musulmonlar haqida faqat ommaviy axborot vositalaridan ma’lumotlar bor bor bo‘lganidan ular haqida yomon tasavvur bor edi. Ammo baribir men u yerga borishga qaror qildim. Men kirsam, odamlar namozni o‘qib bo‘lishgan va duo qilishayotgan ekan. Namoz o‘qiyotganlarni tomosha qildim, masjid ichidagi go‘zallik va osoyishtalikdan hayratlandim. Hech kim menga baqirmadi, hech kim meni haydab yubormadi, men shunchaki hayratda qoldim ", degan u.
Rozalining aytishicha, shundan keyin u Islomni jiddiy o‘rganishni boshlagan, so‘ngra Britaniyaga qaytgach, musulmon bo‘lishga qaror qilgan. Yana u aktrisa bo‘lish orzusidan voz kechgan. Hozir 24 yoshli Rozali o‘zining Youtube kanalini boshqaradi, obunachilarga Islom dini to‘g‘risida gapirib beradi.
“Men odamlarga yordam berishni, ularni dinga yaqinlashtirishni xohlayman. Men Islomga kelgan odamlar haqida hikoya qilaman. Men odamlarga yordam bermoqchiman, bu mening yagona maqsadim. Muvaffaqiyatga erishishga umid qilaman. Men Istanbul va Turkiyani juda yaxshi ko‘raman, chunki bu yerda Islom bilan tanishdim. Turkiya men tashrif buyurgan birinchi musulmon mamlakati. Bu yerdagi odamlar ajoyib. Muhit, azon ovozi – bularning barchasi ajoyib", deydi Aisha Rozali.