Fransiyada 48 soat ichida ikkinchi marta elektr toki o‘chdi

Fransiyaning Rivyera hududida 48 soat ichida ikkinchi yirik elektr ta’minotidagi uzilish qayd etildi. Bu safar yakshanbaga o‘tar kechasi Nissadagi podstansiyada sodir bo‘lgan yong‘in tufayli elektr quvvati o‘chirildi, deb yozadi Oxu.Az BBCga tayanib.
Dastlabki baholarga ko‘ra, bu voqea qasddan qilingan harakat bo‘lishi mumkin. Yong‘in mahalliy vaqt bilan 2:00 atrofida sodir bo‘lgan. Natijada 45 ming xonadon elektr ta’minotisiz qolgan.
Elektr uzilishi Nissa aeroporti, tramvay tizimi va yaqin atrofdagi Sen-Loran-dyu-Var va Kan-syur-Mer shaharlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Elektr ta’minoti faqat ertalab tiklandi.
Nissa meri Kristian Estrosi voqeani keskin qoralab, uni “mamlakatga qarshi jinoiy harakat” deb atadi. Mer o‘rinbosari Gael Nofri yong‘in “jinoiy xususiyatga ega bo‘lishi mumkinligini” aytdi. Mahalliy matbuotning yozishicha, polisiya voqea joyida shina izlari va singan eshiklarni aniqlagan.
Bu voqea Kannda elektr uzilishidan bir kun o‘tib sodir bo‘lgan. Shu paytda u yerda xalqaro kinofestival bo‘lib o‘tayotgan edi. Shuningdek, u yerda yong‘in sodir bo‘lganligi taxmin qilinmoqda: 160 mingga yaqin uy elektr ta’minotisiz qolgan, bir necha film namoyishlari bekor qilingan. Faqat generatorlarga o‘tish orqali festival davom etishi mumkin bo‘ldi.
Hozircha bu ikki hodisaning bir-biriga bog‘liqligi rasman tasdiqlanmagan.