Finlyandiya prezidenti Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi, sababi...

Finlyandiya prezidenti Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi, sababi...

Rossiyaning «Inter RAO» kompaniyasi sho‘’ba korxonasi — RAO Nordic Oy 14 maydan Finlyandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatadi, bunga sabab yetkazib berilgan elektr energiyasiga pul to‘lanmaganidir. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

«Umid qilamizki, vaziyat tez orada hal bo‘ladi va Rossiya bilan elektr energiyasi savdosi qayta tiklanadi», — deyiladi RAO Nordic Oy xabarida.

Finlyandiyaning Fingrid elektr tarmoqlari kompaniyasi vakillari yetkazib berishning to‘xtatilishi iste’molchilarda uzilishlarga olib kelmasligini, chunki Rossiyadan kelayotgan elektr energiyasi umumiy iste’mol hajmining bor-yo‘g‘i 10 foizini tashkil qilishini aytdi. Tanqislik mamlakatning o‘z quvvatlari hisobiga va Shvesiyadan importni oshirish evaziga qoplanishi mumkin bo‘ladi, deya qo‘shimcha qilishdi Fingrid kompaniyasida.

Ayni vaqtda Finlyandiya prezidenti Sauli Niinistyo rossiyalik hamkasbi Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilmoqchi ekanini aytdi. OAVlarga bergan intervyusida u Xelsinkining Moskva bilan munosabatlari o‘zgarayotganini ma’lum qildi.

«Biz o‘zimiz ko‘nikkan vaziyatga qayta olmaymiz, ammo Rossiya bizda chegarada katta keskinlik bo‘lmasligidan manfaatdor bo‘lsa kerak», — dedi Niinistyo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, munosabatlardagi o‘zgarish o‘tgan yil oxirida Putin NATOdan sharqqa qarab intilishdan voz kechishni talab qilganidan keyin yuz bergan, buni Niinistyo Finlyandiya va Shvesiyaning o‘z xavfsizlik siyosatini belgilash huquqining buzilishi deb hisoblagan. Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operasiyasi esa «so‘nggi tomchi»ga aylangan.

«Men Putinga qo‘ng‘iroq qilaman», — dedi prezident qachonligiga aniqlik kiritmasdan. «Men nimanidir yashirincha qiladigan odam emasman. Unga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat o‘zgarganini, buni ikkimiz ham bilishimizni aytmoqchiman», — deya qo‘shib qo‘ydi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!