Evropa Ukraina roziligisiz hech qanday kelishuvni tan olmaydi
2025 yil 11 avgust kuni Polsha bosh vaziri Donald Tusk Yevropa Ukraina ishtirokisiz va uning manfaatlarini hisobga olmagan holda tuziladigan har qanday tinchlik kelishuvini qabul qilmasligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, agar kelishuv Ukraina hududlarining Rossiyaga berilishini nazarda tutsa, Yevropa Ittifoqi bunday shartlarni ratifikasiya qilmaydi.
Tusk, Yevropa yetakchilari bilan uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotida, Rossiyani ogohlantirib, shunday dedi:
«Rossiya tushunishi kerakki, G‘arb, jumladan barcha Yevropa davlatlari, Ukrainaning hududlarini bosib olishga asoslangan hech qanday shartlarni qabul qilmaydi.»
Uning fikricha, agar Moskva urush tugashidan so‘ng hududiy yutuqlarga ega bo‘lsa, bu kelajakda nafaqat Ukraina, balki boshqa davlatlarga ham tajovuz qilish xavfini oshiradi.
Shu bilan birga, Tusk tarixiy misol sifatida Polsha tajribasini keltirdi va ta’kidladi:
«Nega biz doimo takrorlaymiz: ‘Ukraina haqida — Ukrainasiz’ bo‘lmasligi kerak? Chunki tarixda buyuk davlatlar boshqalarning taqdirini ularsiz hal qilganida oqibat har doim fojiali bo‘lgan.»
Ayni paytda, ba’zi ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, AQSh Ukrainaga tinchlik rejasini taklif qilgan. Unga ko‘ra, Kiyev Rossiyaga Donesk va Lugansk hududlaridan voz kechishi, evaziga Rossiya boshqa okkupasiya qilingan hududlarni qaytarishi mumkin. Ammo boshqa manbalar bu ma’lumotni rad etdi va Rossiya Zaporojye hududlaridan chekinish niyatida emasligini bildirishdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni “nimadir imzolashga tayyor” bo‘lishi kerakligini aytdi. Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv 15 avgust kuni Alyaskada o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kreml ushbu muzokaralar uzoq muddatli siyosiy yechim masalalariga bag‘ishlanishini tasdiqlagan, biroq kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmagan.
Bu takliflarga javoban, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hech qanday hududiy imtiyozlar urushni to‘xtatmasligini aytdi. U 11 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, shunday dedi:
«Rossiya bu urushni tugatish niyatida emas — u faqat vaqtni cho‘zmoqda va butun mamlakatimiz bo‘ylab hujumlarni davom ettirmoqda.»
Zelenskiy ta’kidlashicha, Rossiya o‘z tajovuzi uchun mukofot olmasligi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hamkorlari bilan birga faqat kuch orqali tinchlikka erishishga harakat qilmoqda — bu Rossiya bilan ishlashdagi yagona samarali usul hisoblanadi. Kreml esa bunday yondashuvni rad etib, tinchlik muzokaralari orqali yechim topishni ma’qul ko‘rmoqda.
