Evropa Ittifoqi Gruziya demarshini e’lon qildi

Evropa Ittifoqi Gruziya demarshini e’lon qildi

Evropa Ittifoqining Gruziyadagi elchisi Pavel Gerchinskiy dushanba kuni Gruziya bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Levan Davitashviliga Tbilisi va Moskva o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar tiklanishi munosabati bilan rasmiy demarsh e’lon qildi. Bu haqda Interpressnews xabar bermoqda.

Gerchinskiy bilan birgalikda Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati elchilari Gruziya bosh vaziri o‘rinbosari bilan uchrashdi.

“Biz unga (Davitashvili – tahr.) Gruziya hukumatining Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni tiklash haqidagi qaroridan afsusda ekanimizni aytdik. Biz bu qaror YEIning barcha 27 a’zosining Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni amalga oshirmaslik va Rossiya samolyotlarining YEIga a’zo davlatlar hududi ustidan uchishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risidagi yakdil qaroriga zid ekanligini xabar qildik”, — dedi elchi jurnalistlarga.

Gerchinskiyning ta’kidlashicha, parvozlarni qayta tiklash qarori Rossiya tomonidan qabul qilingan bo‘lsa-da, buning uchun Gruziya hukumatining ham roziligi zarur.

“Shuningdek, biz bu qaror Rossiyani yakkalab qo‘yish va Rossiyani Ukrainada davom etayotgan shafqasiz, tajovuzkor urush bo‘yicha harakatlarini o‘zgartirish uchun bosim o‘tkazish qarorimizga zid ekanligidan xavotir bildirdik”, dedi yevropalik diplomat.

Gruziya bosh vaziri o‘rinbosari, o‘z navbatida, yevropalik elchilarni Yevroittifoq sanksiyalari ostidagi kompaniyalar parvozlarni amalga oshirmasligiga, barcha kelgan rossiyaliklar sinchiklab tekshirilishiga ishontirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!