Eron MAGATEni «qarshi choralar» bilan qo‘rqitdi
Tehron tashkilot Boshqaruv kengashining rezolyusiyasini «antieroniya» deb atadi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi BMTning yadro agentligi — MAGATE Boshqaruv kengashi qabul qilgan rezolyusiyani «antieroniya» deb baholadi va «javob choralari» ko‘rish bilan tahdid qildi. Bu haqda juma kuni mahalliy OAV Associated Press agentligiga tayanib xabar berdi.
Ma’lumki, MAGATE kecha Erondan tashkilot bilan to‘liq hamkorlik qilishni, qurol darajasiga yaqin uran zaxiralari haqida aniq ma’lumot taqdim etishni va inspektorlarni yadro ob’ektlariga kiritishni talab qilgan edi.
Juma kuni rasmiy IRNA agentligi TIV vakili Ismoil Bag‘ayining bayonotini yoritdi. Uning aytishicha, Tehron MAGATEni ikki tomon o‘rtasida avval tuzilgan kelishuv bekor qilingani haqida xabardor qilgan va Eron hukumati rezolyusiyaga javoban «boshqa qadamlar» ham qo‘yishi mumkinligini bildirgan.
Eron Isroil bilan urush boshlanganidan keyin MAGATE bilan barcha hamkorlikni to‘xtatgan edi. Keyinroq agentlik bosh direktori Rafael Mariano Grossi sentyabr boshida Qohirada Eron TIV rahbari Abbos Aragchiy bilan inspeksiyalarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Bag‘ayi shuningdek, MAGATEni AQSH, Britaniya, Fransiya va Germaniya ta’sirida «yolg‘onchi va bir tomonlama pozisiyani kuchaytirishda» aybladi.
U Eron qanday «qo‘shimcha choralar» ko‘rishi mumkinligini ochiqlamadi. Biroq Associated Press ta’kidlashicha, Eron uranni qo‘shimcha boyitish imkoniyatini inkor qilib bo‘lmaydi.
TIV vakili rezolyusiyada Eron inspeksiyalarni nega to‘xtatgani — ya’ni iyun oyida Isroil va AQShning Eron yadro ob’ektlariga zarba bergani haqida umuman tilga olinmaganini ham tanqid qildi.
Iyundagi 12 kunlik havo jangarichiliklaridan so‘ng Eron MAGATE bilan barcha hamkorlikni to‘xtatgan edi. Davlat hududiga qilingan zarbalar natijasida deyarli 1100 kishi, jumladan harbiy qo‘mondonlar va yadroviy olimlar halok bo‘lgan.
Sentyabrda inspeksiyalarni tiklash bo‘yicha kelishuv imzolanganidan keyin, BMT oy oxirida 2015 yilgi yadroviy bitimda nazarda tutilgan «snapback» deb ataluvchi mexanizm orqali Eronga nisbatan qattiq sanksiyalarini qayta joriy etdi. Bu Tehronning keskin reaksiyasiga sabab bo‘ldi va Qohira kelishuvining amaldan chiqishiga olib keldi.
