Eron hujumi oqibatida Quvaytdagi neftni qayta ishlash zavodi jiddiy zarar ko‘rdi
Eron qurolli kuchlari Quvayt neft kompaniyasi (KPC)ga qarashli neftni qayta ishlash zavodiga bir necha marta zarba berdi. Quvaytning KUNA davlat axborot agentligi KPC bayonotiga tayanib xabar berishicha, hujum oqibatida qurbonlar bor va ob’ektga jiddiy zarar yetgan.
KPC ma’lumotiga ko‘ra, odamlar evakuasiya qilingan, jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Quvayt Tashqi ishlar vazirligi bayonotida mamlakat o‘z xavfsizligini ta’minlash hamda hududi va muhim infratuzilmasini har qanday tajovuz yoki tahdiddan himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish huquqini o‘zida saqlab qolishi ta’kidlangan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Quvayt janubidagi Ahmadiy shahrida joylashgan yoqilg‘i terminaliga zarba berilganini ma’lum qildi.
Eron rasmiylarining iddaosiga ko‘ra, mazkur terminal AQSh harbiy-dengiz kuchlarini yoqilg‘i bilan ta’minlab kelgan.
Quvayt Elektr energiyasi va suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar davomida elektr stansiyasi hamda suvni tuzsizlantirish zavodi ham nishonga olingan.
