Er yuzida yashovchi 650 millionga yaqin ayol 18 yoshga to‘lmasdan erta turmushga chiqqan

Er yuzida yashovchi 650 millionga yaqin ayol 18 yoshga to‘lmasdan erta turmushga chiqqan

UNICEFning talqiniga ko‘ra, erta nikoh — bu 18 yoshga to‘lmagan shaxs bilan rasman tuzilgan nikoh yoki norasmiy ittifoq sanaladi. Tashkilotning so‘nggi ma’lumotlariga muvofiq, yer yuzida yashovchi 650 millionga yaqin ayol 18 yoshga to‘lmasdan erta turmushga chiqqan.

Afsuski, ko‘plab mamlakatlarda voyaga yetmagan qizni turmushga berish uni ochlikdan yoki zo‘ravonlikdan asrashning yakkayu yagona yo‘li degan qadimiy tafakkur hali hanuz dolzarbdir.

Erta nikoh ayniqsa Afrika mamlakatlarida, jumladan Niger, Chad, Efiopiya, Tanzaniya kabi davlatlarda keng tarqalgan.

Osiyo davlatlarida ham bu urf-odat ko‘p kuzatiladi. Masalan, Bangladeshda🇧🇩 13 yoshda turmushga chiqish bu yerning aholisi uchun g‘ayrioddiy holat sanalmaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu davlatda 38 million qiz 18 yoshga to‘lmasidan, undan 13 millionga yaqini esa - 15 yoshga to‘lmasidan turmush quradi.

🇮🇳Hindistonda qonuniy nikoh yoshi qizlar uchun 18 yosh bo‘lib, qonunni buzish uchun 2 yilgacha qamoq jazosi belgilangan bo‘lsada, Hindistonda har yili o‘rtacha 2 ming nafardan ortiq erkak bu jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilinadi.

🇮🇩Indoneziyada qizlar 16 yoshdan, o‘g‘il bollar esa 19 yoshdan oila qurishlari mumkin. Mazkur davlatda yiliga taxminan voyaga yetmaganlarning 64 mingdan ortiq nikohi qayd etiladi.

🇹🇷Turkiyada esa 2023 yilda 16-17 yoshdagi 10 471 nafar qiz erta turmush qurgan. Turkiya qonunlariga ko‘ra, nikohlanishning yosh chegarasi 2022 yilda 18 etib belgilangan. Biroq, ota-ona roziligi bilan 17 yoshga pasaytirilishi mumkin.

🇺🇿O‘zbekistonda 2019 yildan boshlab, erkaklar va ayollar uchun yagona nikoh yoshi 18 yosh etib belgilangan.
Bunday qat’iy chegara o‘zining samarasini berdi va ko‘plab erta nikoh holatlariga qonunan chek qo‘ydi.

Umumiy holatni taqqoslash uchun ta’kidlash joizki, 2018 yilda Respublika bo‘ylab 5123 ta erta nikoh holati qayd etilgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, erta nikohlar soni faqat 42 tanigina tashkil etgan.

Umuman olganda, davlatlarning erta nikoh kabi bola manfaatlariga mutlaqo zid bo‘lgan salbiy voqeilikga barham berish uchun qilayotgan say’i -harakatlari o‘zining global samarasini bermoqda.

Xususan, UNICEFning 2023 yilgi hisobotida oxirgi 25 yilda 68 million voyaga yetmaganlarning nikohi oldi olinganligi qayd etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!