Energetika tizimini oyoqqa turg‘izish uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tkazish kerak

Energetika tizimini oyoqqa turg‘izish uchun bozor iqtisodiyotiga o‘tkazish kerak

Elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta’minlash tizimiga subsidiyalarning ajratilishi hamda katta imtiyozlarning berilishi mamlakatda moliyaviy yukning ortishi va byudjet taqchilligini yuzaga keltiradi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish hamda yetkazib berish xarajatlaridan past narxda sotiladi. Ushbu xarajatlarni qoplash uchun byudjet mablag‘lari yo‘naltiriladi. Bu mablag‘lar yetmasa, soha kompaniyalari bankdan qarz hisobiga moliyalashtiriladi. Shu orqali iste’molchilar uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligidan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 2021 va 2022 moliya yillarida ushbu maqsadlarga 6 trillion so‘mdan ortiqroq mablag‘ ajratilgan. 2023 yilda esa aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun 14 trillion so‘mdan ortiqroq subsidiya berilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur mablag‘lar ishlab chiqaruvchining xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Davlat esa aholiga arzon narxda elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beradi. O‘rtadagi farq byudjet mablag‘lari hamda tizim tashkilotlari hisobidan qoplanadi. Ayni holat tufayli tizim tashkilotlarining aksariyati moliyaviy yilni katta miqdordagi ziyon bilan yakunlashadi.

Bunday vaziyatda, tabiiyki, sohada tegishli modernizasiya ishlarini amalga oshirishning mutlaqo imkoni yo‘q. Hatto kuygan yoki singan uskunalarni almashtirish, uzilgan elektr tarmoqlarini yangilash ham qiyin bo‘lib qoladi.

Jarayon shu tarzda to‘xtovsiz davom etaversa, ajratilayotgan subsidiyalar ayanchli iqtisodiy oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini erkinlashtirish bilan bog‘liq islohotlarni zudlik boshlash kerak. Buni hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Elektr energiyasini hamda tabiiy gaz ishlab chiqarish va yetkazib berish xarajatlarini qoplash maqsadida narxlarni maqbullashtirish lozim. Natijada:

– subsidiyalarning asosiy qismini ajratish to‘xtiladi;

– byudjet taqchilligi keskin qisqaradi;

– tarmoqqa bozor iqtisodiyoti mexanizmlari joriy etiladi;

– iste’molchilarga energiya resurslarini yetkazishda uzilishlarga barham beriladi;

– energetika tizimida xususiy sektorning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan institusional islohotlar o‘tkaziladi;

– energiya taqsimotini xususiylashtirish esa tizimdagi yo‘qotishlarning oldini oladi;

– mavjud servis va texnik imkoniyatlar modernizasiya qilinadi;

– elektr energiyasi ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi ko‘payadi;

– elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishning sifati yaxshilanadi;

– yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari qayd etiladi;

– muvaffaqiyatli makroiqtisodiy barqarorlashuv natijasida narxlarning inflyasiyaga ta’siri yumshatiladi.

Shuningdek, o‘z-o‘zidan aholi va jamiyat a’zolari o‘rtasida elektr energiyasini sarflashda shaxsiy “kompas” paydo bo‘ladi – kim qancha foydalandi, qanday yo‘l tutilsa tejamkorlikka erishiladi – birovning oldida emas, avvalo, o‘zi uchun hisobdorlik ko‘nikmasi shakllanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!