Endi advokatlar ham sud-ekspertizasi tayinlash huquqiga ega bo‘ldi

Endi advokatlar ham sud-ekspertizasi tayinlash huquqiga ega bo‘ldi

Joriy yilning 3 avgust kuni qabul qilingan Qonunga ko‘ra, advokatlar kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida bir qancha huquqlarga ega bo‘ldi.

Jumladan, iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan ekspertiza o‘tkazilishini so‘rash, shuningdek, ekspertiza xulosasi ish materiallariga qo‘shib qo‘yilishini va sud tomonidan ushbu xulosa ishdagi mavjud dalillar bilan birgalikda baholanishini talab qilish huquqi shular jumlasidan.

Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, advokat tomonidan tayinlanadigan sud ekspertizaning afzalligi shundaki, bunda advokat shaxsan hal etilishi lozim deb topgan savollarni ekspertlar oldiga qo‘yish va ushbu savollar asosida xulosa olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa, sudda tortishuv instituti tamoyilining to‘laqonli amalga oshirilishi orqali odil sudlovni yanada ta’minlashga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Qonun bilan nodavlat sud ekspertiza instituti faoliyatining huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi, prosessual qonunchilik hujjatlarida nodavlat sud-ekspertlarining sud ish yurituvidagi ishtiroki hamda ularning vakolatini belgilash maqsadida Fuqarolik prosessual kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeksi va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sud ishlarini yuritishda ekspert sifatida nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining eksperti ham ishtirok etishi, sud hamda advokatlar davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan bir qatorda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga ham ekspertizalar tayinlashi mumkinligi belgilandi.

Bu esa sud ekspertizasini o‘tkazishda tomonlar uchun muqobil sud ekspertiza tashkilotlariga murojaat qilish imkoniyatini yaratish bilan birga nodavlat sud ekspertiza tashkilotlari hamda davlat sud-ekspertiza muassasalari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni shakllantirishga yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!