EI va JAR kelisha olmadi, sababi Rossiya?!

EI va JAR kelisha olmadi, sababi Rossiya?!

Rossiyaning Ukrainadagi to‘liq miqyosli harbiy harakatlarining bir yilligi munosabati bilan Rossiya va Janubiy Afrika o‘rtasidagi qo‘shma manyovrlar eng yaxshi yechim emas, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 27 yanvar, juma kuni Janubiy Afrikaga tashrifi chog‘ida. «Ammo bizning pozisiyamiz hamkorlarimizning tashqi siyosiy qarorlarida aks etmayapti», dedi u Pretoriyada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Evropa Ittifoqi uchinchi davlatlarning Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuziga nisbatan pozisiyasi bo‘yicha «har bir davlatning o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda tashqi siyosat yuritish huquqini hurmat qiladi», deb ta’kidladi Borrel.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi bosh diplomati «Rossiya agressiyasi xalqaro huquq nuqtayi nazaridan noqonuniy ekanligiga shubha yo‘q»ligini va butun dunyo, jumladan Afrika uchun xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.

Evropa Ittifoqi Janubiy Afrikani ushbu mojaroda tomon tanlashga chaqirmayapti, dedi u. «Biz shunchaki dunyoning barcha davlatlaridan BMT nizomini himoya qilishni so‘raymiz, boshqa hech narsa emas, - dedi Borrell. - Yevropa Ittifoqi Janubiy Afrikani qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni saqlash va mustahkamlashda muhim hamkor deb biladi».

U Janubiy Afrika Rossiya bilan yaxshi munosabatlari va BRIKSdagi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikani o‘z ichiga olgan davlatlar guruhi) o‘z rolidan foydalanib, Moskvani urushni tugatishga ko‘ndirishiga umid bildirdi.

Biroq Janubiy Afrika tashqi ishlar vaziri Naledi Pandor qo‘shma matbuot anjumanida Ukrainadagi urush butun dunyo uchun muammo ekanini aytdi. «Keling, global hamjamiyat sifatida ishlaylik va «Janubiy Afrika, siz Rossiyani bilasiz, ularni ishontiring» demaylik», - dedi u.

Pandorning fikricha, mamlakatlar Ukraina va Rossiya o‘rtasida muzokaralar jarayoniga va «mojaroning barcha tomonlari manfaatlarini hisobga oladigan natijaga» erishishi kerak.

Janubiy Afrika Yevropa Ittifoqining strategik hamkori maqomiga ega yagona Afrika davlati va Afrika qit’asidagi Yevropa Ittifoqining asosiy savdo sherigi hisoblanadi.

Tashrif chog‘ida Borrel Janubiy Afrikaning qayta tiklanadigan energiya manbalariga bosqichma-bosqich o‘tishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi dasturni e’lon qildi. Buning uchun Yevropa Ittifoqi Yevropa investisiya banki orqali 35 million yevro grant va 1 milliard yevro imtiyozli kredit ajratadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!