EI Rossiya gazidan voz kechgani ortidan Norvegiya 115 milliard dollardan ortiq daromad oldi
Bir qator Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya gazidan voz kechishi fonida Norvegiya 115 milliard dollardan ortiq daromad oldi.
Bu haqda Rossiyaning Norvegiyadagi elchisi Nikolay Korchunov "RIA Novosti" agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
U Norvegiya Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalarining barcha paketlariga qo‘shilganini eslatdi. Shu bilan birga, sanksiyalar qirollik iqtisodiyotiga turli xil ta’sir ko‘rsatdi.
Eng katta zararni mamlakat shimolidagi Norvegiya kema ta’mirlash korxonalari ko‘rdi, ular Rossiya baliq ovlash kemalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni rad etishlari va ishchilarni ommaviy ishdan bo‘shatishlari kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, Norvegiya so‘nggi yillarda kontinental Yevropaga gaz yetkazib beruvchi yetakchi davlatga aylandi va energiya eksportini ham quvurlar orqali, ham suyultirilgan gaz (SNG) ko‘rinishida keskin oshirdi. Germaniyaning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizdan ortig‘i hozirda Norvegiya tomonidan uchta dengiz osti quvurlari orqali ta’minlanadi.
Norvegiya Parij iqlim shartnomasini imzolagan va 2030 yilga kelib issiqxona gazlari chiqindilarini 40 foizga kamaytirishga va’da bergan bo‘lsa-da, gaz ishlab chiqarish va eksportini oshirishda davom etmoqda.
Noyabr oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan COP29 anjumanida ham bu masala atrof-muhit faollari tomonidan ko‘tarilgan edi. Namoyish chog‘ida Shveysariya, Kanada va Buyuk Britaniyadan kelgan delegatlar Norvegiya hukumatining mamlakat dengiz suvlarida tabiiy resurslarni o‘zlashtirish rejalaridan chuqur xavotir bildirdilar, bu yerda mahalliy tog‘-kon kompaniyalari allaqachon chuqur dengizda qazib olish uchun lisenziya olgan.