EI Minskning reaksiyasini kutmoqda

EI Minskning reaksiyasini kutmoqda

27 mart, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar xizmati matbuot kotibi Peter Stanoning ma’lum qilishicha, Rossiyaning Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirishi «yanada keskinlashuv va Yevropa xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid bo‘ladi». «Biz Belarus tomonidan bu kun tartibida ekanligi yoki sodir bo‘lishi borasida tasdiqlovni ko‘rmadik. Lekin bu sodir bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, oqibatlari ham bo‘ladi», - dedi u.

Stano Rossiya prezidenti Vladimir Putinning bayonotiga «bu shafqatsiz noqonuniy tajovuzga allaqachon sherik bo‘lgan» Aleksandr Lukashenko rejimining munosabatini kutishga chaqirdi.

Bungacha Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel, agar Moskva Belarus hududiga taktik yadro qurolini joylashtirsa, Bryussel yangi sanksiyalar joriy etishga tayyorligi haqida ogohlantirgan edi. «Belarus hali buni to‘xtata oladi, bu ularning tanlovi», — deb yozdi u Twitter’da.

Peter Stano brifingda bunday harakat YEI mamlakatlari tomonidan javobsiz qolmasligini tasdiqladi, lekin sanksiyalarni YEI Kengashi tomonidan qabul qilinishidan oldin muhokama etishdan bosh tortdi, chunki bu tartib qat’iy maxfiy hisoblanadi.

«Biz har qanday ssenariyga tayyormiz va mojaro avj olgani sari bu tayyorgarliklarni (sanksiyalarni) ko‘rib chiqamiz. Sanksiya bo‘yicha har bir qaror aniq voqealar bilan bog‘liq. Shu tariqa, ular, albatta, yangi o‘zgarishlar va keskinlashuvlarni hisobga oladi hamda shunga mos ravishda moslashtiriladi», deya aniqlik kiritdi Peter Stano.

Hozir Yevropa Ittifoqi davlatlari fevral oyida Yevropa komissiyasi tomonidan taklif etilgan Belarusdagi rejimga qarshi yangi sanksiyalar paketini ko‘rib chiqmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!