DXMlar orqali "mahalladan ma’lumotnoma" berilmaydi

DXMlar orqali "mahalladan ma’lumotnoma" berilmaydi

Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, joriy yilning 15 oktyabrdan boshlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining quyidagi hujjatlarini taqdim qilish tartibi bekor qilingan:

  • shaxsning yashash joyi bo‘yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi;
  • shaxsning ishsizligi;
  • bolani, yolg‘iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida;
  • shaxsning tavsifnomasi.

Biroq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ushbu qarorning mazmun-mohiyati noto‘g‘ri talqin qilinishi hamda yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarni olish uchun ular tomonidan fuqarolarni tuman (shahar)lardagi Davlat xizmatlari markazlariga yuborilishi fuqarolar orasida turli xil norozilik holatlarini keltirib chiqarmoqda.

Bugungi kunda manzil-ma’lumot axborotlari Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi. Ya’ni, ushbu hujjatda yashash joyi haqidagi ma’lumotdan farqli o‘laroq doimiy propiskada turganligi, propiskadan chiqqanligi, turgan joyi bo‘yicha hisobga olinganligi, vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tganligi, shuningdeq, ma’lumot mavjud emasligi haqida ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Mazkur axborot Davlat xizmatlari markazlariga Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Manzil-ma’lumot byurolari tomonidan beriladi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlar esa Davlat xizmatlari markazlari tomonidan taqdim etilmaydi.

Qarorga asosan, shaxsning yashash joyi bo‘yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi hamda uning ishsizligini tasdiqlovchi hujjatlari davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda so‘rab olinishi lozim.

2020 yil 1 yanvardan boshlab esa, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida oila tarkibi, shu jumladan qarindoshlik darajasi va fuqaroning oilaviy ahvoli haqidagi ma’lumotlar davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan mustaqil ravishda so‘rab olinadi.

Manba: darakchi.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!