Dunyoda har yili sil kasalligidan 1,4 milliondan ortiq odam vafot etadi

Dunyoda har yili sil kasalligidan 1,4 milliondan ortiq odam vafot etadi

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda har yili sil kasalligidan 1,4 milliondan ortiq odam vafot etadi.

Xastalik erta bosqichda aniqlanmasa, bemor yil davomida 10-15 kishiga bu xavfli infeksiyani yuqtirishi mumkin. Shu sababli Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2035 yilgacha tuberkulyozdan o‘lim ko‘rsatkichlarini 95 foizga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sil kasalligining dorilarga chidamli turini davolash bo‘yicha yangi tavsiyaviy qo‘llanmasini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, tuberkulyozning dori vositalariga chidamli turi bilan xastalangan 12 va undan katta yoshdagi bemorlarga rifapentin, izoniazid, pirazinamid va moksifloksatsin preparatlaridan iborat 4 oylik muolaja sxemasi buyurilishi mumkin.

Tuberkulyozning yengil formasi bilan og‘rigan 3 oylikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlarga 4 oylik davolash rejimi qo‘llanilishi lozim. Shu paytgacha amal qilib kelgan 6 oylik muolaja kursi ham muqobil variant sifatida qoldiriladi.

JSSTning dorilarga chidamli bo‘lgan sil kasalligini davolash bo‘yicha avvalgi ko‘rsatmalari izoniazid, rifampisin, etambutol va pirazinamiddan iborat 6 oylik rejimni o‘z ichiga olgan edi. O‘tgan davrda ushbu sxema bemorlarning 85 foizida samara berishi tasdiqlandi. Shundan kelib chiqib, tashkilot may oyi boshida bu boradagi ko‘rsatmalariga ma’lum o‘zgartirishlar kiritdi.

Tuberkulyozning rifampisin preparati chidamli turiga qarshi 6 oylik va muqobil ravishda bedakvilin hamda linezolid bilan davolashga qaratilgan 9 oylik muolaja kursi tavsiya etildi. Bundan tashqari, JSST joriy yilda bolalarda sil kasalligini davolash bo‘yicha yangi ko‘rsatmalarini ham e’lon qildi. U xastalik tashxisi, muolaja davomiyligi va sxemalariga doir o‘zgarishlarni qamrab oladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!