Dronlar hujumidan so‘ng «Lukoyl»ning yirik neft zavodi ishini to‘xtatdi
«Lukoyl»ga qarashli «Nijegorodnefteorgsintez» (NORSI) neftni qayta ishlashni 5 aprel kunigi dronlar hujumidan so‘ng to‘xtatgan. Bu haqda Reuters agentligiga sohadagi ikki manba xabar bergan.
Qayd etilishicha, Rossiyada qayta ishlash hajmi bo‘yicha 4-o‘rinda turadigan va jumladan Moskva hududini yoqilg‘i bilan ta’minlaydigan mazkur yirik NPZ yakshanba kuni xom ashyoni qabul qilish va qayta ishlashni to‘xtatgan.
6 apreldan boshlab korxona Sankt-Peterburg tovar-xom ashyo birjasida benzin, dizel yoqilg‘isi va mazut savdosini ham to‘xtatgan.
«NORSI birja shartnomalari bo‘yicha benzin va dizel yuklamaydi, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra aprel oyi oxirigacha. Birja savdolari ham shu muddatgacha bo‘lmaydi. Zavod neft bazasidan avtotransport orqali olib chiqish ham to‘xtatildi», — degan Reuters manbalaridan biri.
Yillik quvvati 17 million tonna neft bo‘lgan zavod o‘tgan yili 5 million tonnadan ortiq benzin va shuncha miqdorda dizel ishlab chiqargan. U Ukraina tomonidan bahorda amalga oshirilgan dron hujumlari natijasida faoliyati to‘xtagan uchinchi korxona bo‘ldi.
Bundan avval, 21 mart kuni «Rosneft»ga qarashli Saratov NPZ dron hujumi natijasida yagona birlamchi qayta ishlash uskunasi ishdan chiqqanidan so‘ng neft qabul qilishni to‘xtatgani xabar qilingan edi. Shuningdek, 26 mart kuni Leningrad viloyatida joylashgan «Kirishinefteorgsintez» («Kinef») zavodi ham faoliyatini to‘xtatgan. U Rossiyada qayta ishlash hajmi bo‘yicha 2-o‘rinni, Yevropa qismida esa 1-o‘rinni egallaydi.
Manbalarga ko‘ra, yillik quvvati 20 million tonna bo‘lgan «Kinef» zavodi ishini faqat qisman — 60–75 foiz quvvat bilan tiklashi mumkin bo‘lib, bu jarayon taxminan bir oy vaqt oladi.
