«Daraxtlar reestri» loyihasi doirasida o‘quv kurslari uchun ro‘yxatga olish boshlandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni to‘liq inventarizasiyadan o‘tkazish va ularning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida «Daraxtlar reestri» loyihasi doirasida o‘quv kurslarini tashkil etmoqda.
Ushbu o‘quv kurslarida o‘qish va keyinchalik daraxtlarning inventarizasiyasida ishtirok uchun bazaviy ekologik, o‘rmonchilik yo‘nalishlarida (dendrologik) bilim va ko‘nikmalarga ega, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan talabgorlar taklif etiladi. Loyihaga qabul qilish suhbat asosida amalga oshiriladi.
Loyihadan maqsad Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish bo‘lib, 120 nafar talabgor qabul qilinadi.
O‘quv kurslarida quyidagi yo‘nalishlarda ta’lim beriladi:
— dendrologik bilimni oshirish;
— daraxtlarni to‘g‘ri parvarishlash;
— daraxtlarning kasallanish holatlarining oldini olish;
— sug‘orish tizimlarini o‘rganish;
— umumiy ekologik bilimni oshirish;
— geodeziya va GNSS qurilmalaridan foydalanish.
O‘quv kurslari 1 oy davom etadi.
Muvaffaqiyatli tamomlaganlar shartnoma asosida Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni maxsus GNSS qurilmalari yordamida xatlovdan o‘tkazish ishlarini amalga oshiradi va ularga belgilangan tartibda oylik ish haqi beriladi. Loyiha davomiyligi — 2 yil. Yakunda ishtirokchilarga sertifikat beriladi va ekologiya sohasidagi tashkilotlarga ishga joylashishiga ko‘maklashiladi.
Loyihada ishtirok etish va qo‘shimcha ma’lumotlar uchun (94)992-24-14 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling va ma’lumotlaringizni ecoilm@umail.uz pochta manziliga yuboring.
Murojaatlar 12 fevraldan 20 fevralgacha qabul qilinadi.