COVID-19dan davolanganlar orasida xitoyliklar ham bor

COVID-19dan davolanganlar orasida xitoyliklar ham bor

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni markazlashgan holda davolash, ularga tezkor va  sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida shu yilning 10 avgustidan Samarqand shahrida 1080 o‘rinli davolash va taqsimlash markazi tashkil etilgan edi. U yerda “COVID-19”ni yuqtirgan bemorlarga 400 nafardan ortiq tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov ham markaz ish boshlaganidan buyon shu yerda ishlayapti. 

– O‘tgan qirq kundan ortiq davrda bu yerda minglab bemorlar davolandi, – dedi A.Bobojonov. – Shifokor va hamshiralar, umuman, bu dargohda mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlarimiz o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani tun-u kun chin dildan bajarmoqda. Markazda 24 soat bir xil suratda ish ketmoqda. To‘g‘ri, ish vaqti belgilangan, ma’lum bir tartib va qoidalar amal qiladi. Lekin bir xodim ishni tugatib ketsa, uning o‘rnida boshqasi ishni davom ettiradi. Jarayon to‘liq videokuzatuv ostida, qaysi bemor qanday holatda ekanligi doimiy nazoratda. 

– Eshitishimizcha, o‘zingiz 48 kundan buyon shu yerda ekansiz. Uyga borishga cho‘chiyapsizmi yoki bu yerdagi vaziyat shuni taqozo etyaptimi? 

– Avval markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yib olguncha, endi esa shu ishga mas’ul sifatida tun-u kun shu yerda bo‘lishimga to‘g‘ri kelmoqda. Uyga borganimda ham baribir xayolim shu yerda bo‘ladi va xotirjam o‘tirolmayman. Oilam bilan telefon orqali har kuni gaplashib turibmiz. Xudoga shukr, hammamiz sog‘-salomatmiz. Muhimi – shu hozir. 

– Markazda bemorlar uchun yaratilgan sharoit, dori-darmon ta’minotida muammolar yuzaga kelmayaptimi? 

– Qariyb 30 yillik tibbiyot xodimi sifatida aytishim mumkinki, shu paytgacha bunday ta’minotni ko‘rmaganman. “COVID-19” ni aniqlash va davolash uchun qanday tibbiy jihoz kerak bo‘lsa (kompyuter tamografiyasini aytmaganda), barchasi shu yerga keltirilgan. Tahlillar ham markazda olinadi, boshqa kasallik belgilari ham aniqlanib, bemorlar aniq tashxis asosida davolanadi. 252 ta reanimasion joy mavjud, 24 soat kislorod uzluksizligi ta’minlangan. Koronavirusni davolash uchun barcha dori vositalari yetarli. Oziq-ovqat ta’minoti autsorsing asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bemorlarga to‘rt mahal ovqat beriladi. Markazga mutaxassislar tegishli komissiya tomonidan tanlov asosida ishga qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, shu paytgacha Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlardan malakali tibbiyot xodimlari kelib, faoliyatimiz bilan tanishdi, ular bilan o‘zaro tajriba almashdik. Germaniyalik bir nafar mutaxassis 20 kun biz bilan birga ishladi. 

– Ayni paytda viloyatimizning qaysi hududlaridan bemorlar ko‘p kelyapti?

– Dastlabki paytlarda Samarqand shahrida kasallik ko‘p qayd etilayotgan edi. Endi esa Past Darg‘om, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand tumanlaridan kelayotganlar ko‘paydi. Lekin qo‘shni viloyatlardan ham bemorlar bor. Qashqadaryoning Chiroqchi va Shahrisabz tumanlari, Navoiy va Jizzax viloyatlarining Samarqandga yaqin hududlaridan koronavirusga chalinganlar kelib, davolanib ketmoqda. Ikki nafar xitoylik mehmon ham markazimizda davolanib, salomatligini tikladi.

– Yurtimizda koronavirus qayd etilganiga 6 oydan oshdi. Dastlabki paytda uchragan kasallik belgilari va davo muolajalari bilan bugungisi o‘rtasida qanday farqlar bor? 

– Bugun aniqlanayotgan virus tez rivojlanayotgani va ko‘p asoratlar qoldirayotgani bilan mart yoki iyun oyida qayd etilgan kasallikdan farqlanyapti. Shunga qarab davo muolajalari ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatma va tavsiyalari asosida olib borilmoqda. Ko‘p ta’kidlanayotganidek, koronavirus surunkali kasalliklari bor insonlarda, keksalarda og‘ir kechyapti. Shuning uchun yurtdoshlarimiz birinchi navbatda o‘z salomatliklariga befarq bo‘lmaslik larini, bugun aytilayotgan qoidalar, tibbiy tavsiyalarga qat’iy rioya etish larini so‘raymiz. Har bir inson kasal bo‘lmasdan oldin salomatligi qadriga yetishi, o‘zini asrashi kerak. Faol jismoniy harakat, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish har qanday kasallik, jumladan, koronavirusga chalinmaslikning ham asosiy shartidir. 

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.

Manba: “Zarafshon” gazetasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!