Chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi asosiy yo‘nalishlar belgilandi

Yurtimizda poligonlarda chiqindilar to‘planishining oldini olish, atrof-muhitga yetkazilayotgan salbiy ta’sirini minimallashtirish, chiqindilarni boshqarish, ularni qayta ishlash sohasini kompleks tizimlashtirish, muqobil energiya olish texnologiyalarini joriy etish va sohaning investision jozibadorligini yanada oshirish hamda investisiyalarni keng jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, 2025-yil 24-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chiqindilarni qayta ishlash sohasini yanada takomillashtirish hamda kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi 56-son Farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, respublikada chiqindilarni qayta ishlash sohasidagi quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilandi:
— mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 2030-yilgacha 50 foizga qisqartirish;
— yangidan hosil bo‘layotgan chiqindilarni poligonlarga yo‘naltirmasdan, maksimal darajada qayta ishlash yoki kuydirish, sohaga sirkulyar iqtisodiyot amaliyotini joriy qilish;
— “Nol chiqindi” tizimi doirasida maishiy chiqindilarni shaharlardan olib chiqish, qayta ishlash va ulardan ekologik toza energiya va boshqa mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zonalarni tashkil etish.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab chiqindi poligonlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi taklifiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Qolaversa, tizimda chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni utilizasiya qilish va qayta ishlashga ixtisoslashgan sanoat zonalari 30 yil muddatga faoliyat olib borishi belgilandi.
Bundan tashqari, Namangan va Toshkent viloyatlarida qattiq maishiy chiqindilarni termik usulda utilizasiya qilish (yoqish) bo‘yicha investisiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan 19,87 gektar yer uchastkalari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkaziladi.