Chexiyada daromad solig‘i rekord darajada pasaytirilmoqda

Chexiyada daromad solig‘i rekord darajada pasaytirilmoqda

Chexiya parlamentining quyi palatasi mamlakat tarixida ilk marotaba daromad solig‘ini sezilarli darajada pasaytirish g‘oyasini ma’qulladi.

Chexiya bosh vaziri va milliarder Andrey Babish koronavirus pandemiyasidan keyin shu tariqa mamlakat iqtisodiyotini tiklash mumkin bo‘ladi, deb hisoblamoqda.

“Reuters” xabariga ko‘ra, mamlakatda daromad solig‘ining bazaviy stavkasi 20,1% dan 15% gacha kamayadi. Shuningdek, 15% - eng past chegara, maksimal stavka esa 23% ni tashkil qiladi.

"Daromad solig‘idan tashqari, boshqa soliqlar ham kamayadi: umumiy pasayish 130 milliard chex kroni (5,86 milliard dollar)ni yoki mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi", deb yozadi “Reuters” ushbu soliq yangiligiga Bosh vazirning siyosiy koalisiyadagi tarafdorlari qarshilik ko‘rsatganligini qo‘shimcha qilgan holda.

Ularning ta’kidlashicha, islohot, asosan, boshqalardan ko‘ra ko‘proq pul ishlab topadiganlargagina foyda keltiradi. Shuningdek, tanqidchilarning qayd etishicha, Babish kelgusi yilgi saylovlar oldidan o‘zining mashhurligini oshirish uchun soliq imtiyozlaridan foydalanmoqda.

Biroq, hukumat rahbari va Chexiya moliya vaziri Alyona Shillerovaning aytishichia, mamlakatning qarz yuki pastligi (uchinchi chorakda YAIMning 36,9%) iqtisodiyotni rag‘batlantirishga imkon beradi.

"Shu yo‘l bilan biz iqtisodiyotni eng zarur paytda qo‘llab-quvvatlaymiz", deb ta’kidladi Shillerova.

Endilikda qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar loyihasi tuzatishlar kiritishi yoki hujjatni boshqatdan ovozga qo‘yishi mumkin bo‘lgan Chexiya Senati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Andrey Babish “Forbes Real-Time” reytingiga asosan, Chexiya Respublikasining eng boy milliarderlari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Uning boyligi, 20 noyabr holatiga ko‘ra, 4,8 milliard dollarga baholanmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!