Caida Mirziyoyeva ota-onasining farqi, eng kuchli tomoni va saroy intrigalari haqida gapirdi
Saida Mirziyoyeva har doim «xarakterli» inson bo‘lganini va yetakchilik qobiliyatlariga ega ekanini aytib berdi.
«Mening xarakterim doim kuchli bo‘lgan, doim yetakchilikka va yuqori maqsadlarga intilganman. Dadam meni bolaligimdan o‘zini hurmat qildiradigan shaxs qilib tarbiyalagan. „Saida aytdimi — tamom, bajarilishi kerak“, degan gap bo‘lardi. Shuning uchun hamma menga quloq solardi. Hatto oyim ham men bilan hisoblashadi. Oyim hazillashib aytadilarki: „Sen tug‘ilganingdayoq tanqidiy ko‘z bilan qararding. Go‘yoki tug‘iliboq kamchiliklarimizni payqab, bizni yaxshiroq qilishga urinayotgandek eding“», — dedi u.
Ota-onasi haqida gapirar ekan, Saida Mirziyoyeva onasi va otasining xarakteridagi farqni muvozanat sifatida qabul qilishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi — dominant erkak, onasi esa mehr, muhabbat va xarizmani o‘zida mujassam etgan kuchli ayollik energiyasidir. Uning fikricha, aynan shu narsa «ideal juftlik»ni hosil qiladi.
Prezident administrasiyasi rahbari o‘zining kuchli tomonlari haqida gapirib, odamlarni tanlay olish qobiliyatini tilga oldi: «Xarakterimning eng kuchli qirrasi? Men odamlarni tanlashni bilaman. Menimcha, bu intuitiv qobiliyat. Menimcha, bu — iste’dod. Ishonamanki, tug‘ilishimizda Xudo maqsadlarga erishishimiz uchun bizni ma’lum iste’dodlar bilan ta’minlaydi. Va u menga mana shuni hadya etgan va men undan foydalanaman».
Zaif tomonlari haqidagi savolga Saida Mirziyoyeva «xarakterida yomon qirralar» bor deb hisoblamasligini aytdi. U o‘ziga nisbatan o‘ta talabchan ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu sifat bir vaqtning o‘zida ham yutuq, ham kamchilik bo‘lishi mumkin, chunki doimiy ichki nazorat va o‘zi uchun o‘rnatgan qat’iy ramkalar bilan yashash ba’zan oson emas.
«Saroy intrigalari»
«Siz saroy intrigalariga qanday qaraysiz? — deb so‘radi intervyu davomida Kirill Altman. — Sir emaski, bu yerda ham shunaqa…»
«Eshiting, bu — „saroy“ hayotining bir qismi. Ular doim bo‘lgan va bo‘ladi. Biz oxirgisi ham, birinchisi ham emasmiz. Bu — normal holat. Mana shu yerda donolik, xarakter ishga yaraydi», — dedi u.
