Buxoroda ayol jazmanini deb eriga, oilasiga xiyonat qildi. Oqibati esa noxush tugadi
Ahmadali Sufiyaxon ismli qiz bilan tanishib, uni yo‘ldan urishni maqsad qildi. Shu niyatda chiroyli so‘zlab, o‘ziga butunlay rom etdi. Ayol ham xushomadlarga aldanib uyini, turmush o‘rtog‘ini unutdi. Doimiy muloqotlar asta-sekin jiddiylashib boraverdi. Xufiyona uchrashuvlar ko‘paydi.
Ayolni batamom o‘ziga bog‘lab olgan Ahmadali endi maqsadi sari “odimladi”. Ya’ni, Sufiyaxondan qarz deb 200 AQSh dollari, bir oydan so‘ng yana shuncha pul oldi.
Oradan ko‘p o‘tmay, Sufiyaxon dugonasining to‘yiga yangi kiyim xarid qilmoqchi bo‘lib, Ahmadalidan qarzlarini so‘radi. U qarzini qaytarish o‘rniga 1000 AQSh dollari topib bermasa, sharmanda qilishini aytib, erkak kishiga yarashmaydigan “ish”ga qo‘l urdi. Ya’ni, yollanma suratchi orqali oldirgan suratlarini ayolning ishxonasi va turmush o‘rtog‘iga jo‘natish bilan qo‘rqitib, tahdid qildi.
Sufiyaxon noiloj ko‘ndi. Ish joyida, hamkasblari orasida sharmanda bo‘lishidan hamda oilasi buzilishidan qo‘rqib, tilla taqinchoqlarini sotdi. 1000 AQSh dollari to‘plab, Ahmadali bilan kelishilgan joyda uchrashdi.
– Bo‘larkan-ku, xonim! – dedi Ahmadali kesatib.
– Endi ko‘zimning oldida, suratlarni o‘chirib tashlang, – Sufiyaxon shunday deya Ahmadaliga ijirg‘anib qaradi.
– Ovsaringni topibsan, – dedi Ahmadali hayosizlarcha kulib.
– Iltimos, nima desangiz roziman? Faqat sharmandalikdan meni qutqaring, –deya Sufiyaxon qo‘llarini iltijoli qovushtirib, o‘tirib oldi.
– Bunisi ketmaydi. Yana 1000 dollar keltirib berasan. Shundan so‘ng, suratlarni o‘chirib tashlayman va seni qaytib bezovta qilmayman, – dedi u bezbetlarcha.
– Buncha pulim yo‘q. Tillalarimni sotib berdim, – dedi Sufiyaxon yig‘i-sig‘i bilan.
– Bas qil. Topasan, vassalom. Aks holda, fotosuratlarni internetga tarqatib yuboraman. Senga oyning oxirigacha muhlat.
Ahmadali shunday deb, o‘ljani qo‘lga kiritib, juftakni rostladi. Ayol suvga tushgan mushukday shumshayib qolaverdi. Nima qilsin, o‘zi pishirgan osh. “Uyatni yig‘ishtirib, qo‘yishning jazosi shu”, dedi o‘ziga-o‘zi pichirlab.
Shu taxlit Sufiyaxon yana jamg‘armalarini yig‘a boshladi, yetmaganini yaqin dugonasidan olib, 1000 AQSh dollarini ikki qo‘llab Ahmadaliga tutqazdi.
– Endi suratlarni o‘chirib tashlarsan, – dedi yalinib.
– Xavotirlanma. Fotosuratlarni o‘chirib, seni qaytib bezovta qilmayman, –dedi Ahmadali.
Ahmadali “reja”si imi-jimida bitayotganidan xursand edi. U 2 ming AQSh dollarini olti oygacha sarflab, kunu tunini kayf-safo bilan o‘tkazdi. So‘ngra yana Sufiyaxonga telefon qildi. Bu gal erkak kishi oldi. U tabiiyki, Sufiyaxonni so‘radi. Ammo raqam egasi ayolni tanimasligini bildirdi. Shundan keyin Ahmadali Sufiyaxonning ishxonasiga bordi. Tinimsiz tahdidlardan sabr kosasi to‘lgan ayol Ahmadalining ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.
Shu tariqa, tezkor xodimlar tovlamachini ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi.
