Bosh prokuratura "1007" raqamli Ishonch telefoni faoliyati yuzasidan bayonot berdi
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Bosh prokuraturaning “1007” raqamli Ishonch telefoni ishlamayotganligi haqida xabarlar tarqalmoqda.
Bugungi kunda, Bosh prokuratura “Call centr” markazining qisqa raqamli “1007” Ishonch telefoni belgilangan tartibda ishlab kelmoqda.
Birgina, joriy yilning o‘tgan davrida “1007” Ishonch telefoni orqali jami 60 mingdan ortiq murojaatlar qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun tegishliligi bo‘yicha yo‘naltirilib, qonuniy hal qilish choralari ko‘rilmoqda.
Markaz orqali kelib tushgan ushbu murojaatlarning 20 mingdan ortig‘i bevosita prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qonuniy hal etilgan, shundan 3 769 ta murojaatlar bo‘yicha fuqarolarning masalalari ijobiy hal etilib, qanoatlantirilgan.
Yildan yilga murojaatlarni telefon orqali qabul qilish markaziga qo‘ng‘iroq qiluvchilarning soni ko‘payganligi hamda ba’zi bir texnik sabablarga ko‘ra ayrim hollarda markaz operatorlari bilan darhol bog‘lanishda bir qator qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.
Shu bois, prokuratura organlariga “1007” Ishonch telefonidan tashqari, onlayn rejimda “pm.gov.uz” internet sayti hamda pochta aloqa xizmati orqali ham murojaat etish yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, fuqarolarimizga qulay sharoit yaratish hamda uzoq yillardan buyon hal etilmasdan kelinayotgan muammolariga qonuniy yechim topish maqsadida hududlarda har oyda kamida ikki marotaba shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat prokurorlari hamda tuman (shahar) prokurorlari tomonidan muntazam ravishda sayyor qabullar o‘tkazib kelinmoqda.
