“Boriga baraka”chilar odamlarning ustidan kulyaptimi?
“Boriga baraka” shousi boshlovchisi bergan savoldan mantiq qidirdim. Afsus, topolmadim. Har shanba “Zo‘r TV”da efirga uzatiladigan shou tezda mashhur bo‘lib ketdi. Qisqa muddatda o‘z tomoshabinini topdi. Klik tizimi orqali har hafta 5000 so‘m tashlab, “Zo‘r TV”dagilarning qachon qo‘ng‘iroq qilishini minglab o‘zbekistonliklar poylab o‘tiribdi. Omma qiziqmoqda. Omadini kutib yotganlar ko‘p ekanda, deyman ko‘rsatuvni ko‘rib. Ataylab Buxorodan tashrif buyurgan opa hayajonlanib gapirdi. Shouning ikki sonida ketma-ket kelgan “polvon” yigit fol ochib o‘tiribdi. Ko‘rsatuvning tijoriy- ko‘ngilochar tipda ekanligini yaxshi bilamiz. Ammo, biz e’tibor bergan jihat mutlaqo boshqa.
O‘tgan shanbada efir yuzini ko‘rgan ko‘rsatuvda, Buxoro viloyati Vobkent tumanidan Sohibjon ismli yigit ishtirok edi. Boshlovchining o‘zini tutishi, ishtirokchilar bilan yaqin muloqot o‘rnata olishi ijobiydek tuyuldiyu, ammo ba’zi savollarimga javob topolmadim. Misol uchun, boshlovchi “oilada 3 ta farzand ekansizlar 4 ta tugmachani bosing?” dedi. Bunda hech qanday mantiq ko‘rinmadi. Farzandlar bilan o‘yindagi tugmachalarning qanday bog‘liqligi bor, to‘g‘risi tushunmadim.
O‘yinga o‘zgacha ruh olib kirishni istagan boshlovchi yigitga “Yaxshi ko‘rgan qizingiz bormi?” degan savolni qo‘ydi. Oddiy, jaydari va uyatchan yigit bunday savolga “ha” deb javob berdiyu, ammo, milliy mentalitet, o‘zbekchilik nuqtai nazaridan yigitni uyaltirish shartmi? Boshlovchi yigitga yaxshi ko‘rgan qiziga salom yo‘llash imkoniyatini berdi. Hali uylanmagan, ota-onasidan uyalib turgan Sohibjon qizga emas, qishloqdoshlariga salom yo‘lladi. “Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi Arablar qishlog‘idagi odamlarga salom aytaman. Rost ekan. O‘ynanglar…” dedi. Boshlovchi salom ayting deb, avval yigitning qo‘lini ko‘tardi. So‘ng, yigitning qo‘lini uning ko‘ksiga olib bordi… Tushunganim, uning soddadilligi ustidan kuldi. Eng achinarlisi, keyin boshlandi. Dallollardan biri chiqib, “Sirdaryo.. qishlog‘imdagilarga, mahalladagilarga salom.. Omadim kelib Zo‘r TVga keldim” deb, “Nega salom yo‘lladingiz? Nima bu sizga “Mehr ko‘zda” ko‘rsatuvimi? Hamma kelganlar salom yo‘llayveradiku endi” degan e’tirozni bildirdi.
Boshlovchi imkon berdi. Salom yo‘llasa yo‘llabdi. Kulishniyam chegarasi bor. Milliy etika qayerda qoldi? “Yaxshi ko‘rgan qizingiz borligini aytdingiz. Nega ismini aytmadingiz?” deya yigitni qayta-qayta mulzam qilish kerakmi? Yana bitta savolga e’tibor bering: “Ikkita shashlik yeya olasizmi? Sixini qoldirib)))”. Bu nima degani? To‘g‘risi, boshlovchi ham, dallol ham haddini bilgani ma’qul emasmi? Ko‘rsatuvda ishtirokchi tomonidan kelgan qarindoshlari o‘ynasin birozgina qo‘polroq gapirdi. Biroq, uning qo‘polligi boshlovchi yoki dallolga tegmadi. Buxorodan kelgan sodda yigit ustidan milliy odob-axloq me’yorlarini unutib, bo‘lar-bo‘lmas savollarni berib, ustidan kulish boshlovchiga ham, dallolga ham yarashmadi. Ko‘rsatuvda ba’zi ishtirokchilarning u sovg‘ani ber, bu sovg‘ani ber deb yalinganiga esa toqat qilib bo‘lmaydi. Sixini qoldirib 2 ta shashlik yeya olamizmi, yo‘qmi, endi shu haqda o‘ylaymiz. Nima dedingiz?
Manba: mazmun.uz
