Boltiq dengizidagi keskinlik kundan-kunga oshib bormoqda
Stokgolm NATO Nizomining 4-moddasi faollashishini istisno etmaydi, dedi Shvesiya tashqi ishlar vaziri Mariya Malmer Stenergaard. Bu e’lon Finlyandiya va Estoniya o‘rtasidagi yaqinda sodir bo‘lgan dengiz osti kabellari bilan bog‘liq hodisadan so‘ng, muxolifatning Boltiq dengizida xavfsizlik choralarini kuchaytirish chaqirig‘idan keyin qilingan.
NATOning 4-moddasida a’zo davlatlar hududiy yaxlitligi yoki xavfsizligiga tahdid bo‘lgan taqdirda o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazilishi nazarda tutilgan, biroq ularni chora ko‘rishga majburlamaydi.
NATO tashkil topganidan beri bu band etti marta faollashtirilgan, asosan Rossiya harakatlari yoki Yaqin Sharqdagi beqarorlik tufayli.
Payshanba kuni ertalab Estoniya Bosh vaziri Kristen Mixal NATO Nizomining 4-moddasi rasman kuchga kirmagan bo‘lsa-da, aslida maslahatlashuvlar boshlanganini aytdi.
“Men NATO Bosh kotibi bilan telefon orqali suhbatlashdim. NATO doirasida, Skandinaviya mamlakatlaridagi ittifoqchilar, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan maslahatlashuvlar hozirdanoq davom etmoqda. Agar kerak bo‘lsa, biz ushbu tinch maslahatlashuvlar doirasini tark etib, 4-moddaga murojaat qilishimiz mumkin. Hozir biz konsultasiya bosqichidamiz va biz albatta finlar bilan maslahatlashamiz», - deya Estoniya rahbarining so‘zlarini keltiradi Delfi.
Ayni paytda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Boltiq dengizida patrullar kengaytirilganini ma’lum qildi.
Finlyandiya Rossiyaning Eagle S tankerining suv osti kabellari - bir nechta optik tolali va bitta elektr kabellarini shikastlashda ishtirok etishi mumkinligini tekshirmoqda. Kemaga Finlyandiya rasmiylari o‘tirdilar.
Eslatib o‘tamiz, Shvesiya 2024-yilning mart oyida NATOga qo‘shilgan va ikki asrlik betaraflik siyosatiga yakun yasagan. Qo‘shilish qarori 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin qabul qilingan. Rossiya bilan uzoq chegaraga ega Finlyandiya ham betaraflikdan voz kechgan holda 2023 yilda NATOga qo‘shildi.
Oktyabr oyida NATO mintaqada havo va dengiz nazoratini kuchaytirib, patrul samolyotlari, dron va mina qo‘riqlash kemalarini yubordi.