"Bolalarimning otasi farzandlarimni qaytarib bermayapti..."

"Bolalarimning otasi farzandlarimni qaytarib bermayapti..."

— Bolalarimning otasi bilan ajrashganman. U uch-to‘rt oyda bir farzandlarini ko‘rishga kelib, o‘zi bilan olib ketadi-da, qaytarib bermaydi. Shu kungacha bir necha marta sud orqali ijrochilar yordamida bolalarimni qaytarib oldim. Bundan 10 kun oldin bolalar bog‘chada bo‘lganida, ularni olib ketib, yana qaytarib bermayapti. Hozir ichki ishlar va sudga ariza berganman. Hadeb bunday bo‘lavermasligi uchun qonuniy chora ko‘rish mumkinmi?
Ismi sir tutildi.

Axror SULAYMONOV, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Arizangiz mazmunidan ko‘rinishicha, sobiq turmush o‘rtog‘ingizning o‘z farzandlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilgan va unga uchrashuv vaqtlari belgilangan. Ushbu holatda, u farzandlaringizni olib ketib, sud qarorida belgilangan vaqtda qaytarib berishi lozim.
Davlat ijrochisi ijro hujjatining o‘zi belgilagan muddatda ixtiyoriy ravishda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Agar sobiq turmush o‘rtog‘ingiz ijro hujjatining talablarini davlat ijrochisi tomonidan belgilangan muddatda uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro etmagan taqdirda, davlat ijrochisi unga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llaydi. Sud hujjatini bajarishdan bo‘yin tovlagan taqdirda esa uni jinoiy javobgarlik to‘g‘risida yozma shaklda ogohlantiradi. U shundan so‘ng ham ijro hujjatini ijro etishdan bo‘yin tovlagan taqdirda, davlat ijrochisi qonunda belgilangan tartibda uni jinoiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikka asosan, davlat ijrochisining o‘z vakolatlari doirasidagi talablari O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha organlar, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir. Davlat ijrochisining talablarini bajarmaslik, uning zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishiga monelik qiluvchi xatti-harakatlar sodir etish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi (O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuning 87-moddasi).


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!