Bojxona rasmiylashtiruvi vaqti qariyb ikki barobarga qisqardi

Mamlakatimizda oxirgi yetti yil tub islohotlar davri bo‘ldi. Barcha sohalarda katta o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y berdi. Ayniqsa, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasini rivojlantirish maqsadida sohani raqamlashtirish, bojxona tartibotlarini yanada soddalashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirildi.
Prezidentimizning bojxona sohasiga e’tibori bilan bojxona ma’murchiligini isloh qilish bo‘yicha belgilab berilgan asosiy ustuvor vazifalari doirasida ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bojxona sohasini raqamlashtirishga qaratilgan ishlar natijasida hozirda O‘zbekiston bojxona tizimida yagona axborot tizimiga birlashtirilgan 67 ta axborot tizimi va 33 ta interaktiv xizmatlar faoliyat ko‘rsatmoqda. 10 dan ortiq mamlakat bojxonasi, 30 ta vazirlik va idoralar, 25 ta aviakompaniya bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.
Nazorat va rasmiylashtiruv jarayonlarini tezlashtirish maqsadida, yangi “E-tranzit”, “Yuk operasiyalari”, “Elektron bojxona kuzatuvi”, “Bojxona ko‘rigi” axborot tizimlari amaliyotga joriy etildi. Ushbu yangi tizimlar orqali 1,6 milliondan ortiq deklarasiyalar rasmiylashtirilib, 700 mingga yaqin yuk operasiyalar amalga oshirildi.
Ilgari chegara postlarida tarozi, rentgen qurilmasi, transport raqamini qayd etish, shlagbaum va boshqa jarayonlarning har biriga xodim jalb etilgan bo‘lsa, olib borilayotgan sa’y-harakatlar tufayli hozirda mazkur transport nazoratini sun’iy intellekt yordamida, ya’ni inson omilisiz amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, chegaradagi barcha idoralarga yagona axborot tizimida bir vaqtning o‘zida ishlash imkoniyati yaratildi.
Idoralararo “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga 10 dan ortiq tashkilotlar integrasiya qilinib, 60 ga yaqin turdagi ruxsatnomalarni elektron tarzda taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgani sababli tizimda 65 mingdan ziyod foydalanuvchilar ro‘yxatga olingan holda, 3 milliondan ortiq ruxsatnomalar rasmiylashtirildi.
Quvonarlisi, tovarlarni omborlarga joylashtirish, ro‘yxatga olish, hujjatlardan nusxalar olib qolishda qog‘ozbozlikdan voz kechilib, sohani raqamlashtirish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada soddalashtirishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini qariyb 2 barobarga qisqartirishga erishildi.
Ushbu vaqt eksport rejimida 2017 yilda o‘rtacha 5 soat 42 daqiqani tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda. Bojxona yuk deklarasiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik tarzda rasmiylashtirish hajmi 15 foizga yetkazilib, bu ko‘rsatkich xavf darajasi past bo‘lgan tovarlarning eksportida 85 foizni tashkil qildi.
Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida bojxona sohasida tadbirkorlarning takliflari inobatga olinib, ruxsat berish tartib-taomillari keskin qisqartirildi. Eksportga yuklarni rasmiylashtirishda “Yagona darcha” tamoyili joriy qilindi. Bojxona yuk deklarasiyalarini masofaviy elektron shaklda rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi.
Bojxona organlarining Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorligining yangi bosqichga chiqishi esa Bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasini yanada takomillashtirish, ekspertiza jarayonlarini qisqarish, sinov natijalarini mintaqa miqyosida tan olinish imkonini berdi.
2023 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida 16 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga bojxona to‘lovlaridan 39 trln so‘m miqdorida imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi. 6,2 trln so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
Xavflarni boshqarish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish yo‘nalishida 780 mlrd so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan bo‘lsa, xalqaro hamkorlik yo‘nalishida 8 ta xalqaro hujjat imzolandi. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida 5,3 mln dollar grant mablag‘lari jalb qilindi.
Mazkur sohadagi islohotlar natijasida ilgari xom-ashyo mahsulotlari importini amalga oshirib kelgan ko‘plab tadbirkorlarimiz endilikda bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan hudud imkoniyatlardan samarali foydalanishni boshladi. Ular tomonidan 66 turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilib, xorijiy mamlakatlarga umumiy qiymati 429 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi tovarlar eksport qilindi.
Umuman olganda, bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini optimallashtirish va byurokratik yukni kamaytirish tovarlarni eksport qilish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida, mamlakat mahsulotlarini jahon bozorida raqobatbardoshligini oshiradi va eksport salohiyatining oshishiga xizmat qiladi.
Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari