BIZ ODAM SAVDOSIGA QARSHIMIZ

Bugungi kunda fuqarolarimizning odam savdosi qurboniga aylanib qolishining oldini olish va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi profilaktik ishlar barcha davlat tashkilotlarining ustuvor vazifasi sifatida belgilangan.
Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonuni hamda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining tegishli me’yoriy hujjatlari talablari asosida tashkil etilib kelinmoqda.
Mamlakatimizda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish yuzasidan amalga oshirilgan muhim islohotlardan yana biri O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 4 martdagi “Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikasiya qilish haqida”gi O‘RQ-525-sonli qonuni bilan Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikasiya qilindi.
Mazkur konvensiya normalarini mamlakatimiz hayotiga muvofiqlashtirish maqsadida muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5775-sonli farmoni qabul qilinib, ushbu Farmon bilan Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tuzildi.
Komissiyaning asosiy vazifalari qilib, davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish;
odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash kabilar belgilab berildi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, uning qorbonlariga aylanayotgan fuqarolarimizga har tomonlama ko‘maklashish bugungi kunda davlatimiz oldida turgan global muammolardan biriga aylanib bormoqda.
Shu bilan birga, nafaqat har bir davlat tashkiloti, balki jamoatchilikni ham bunday illatlarga qarshi kurashishga, fuqarolarni uning qurboniga aylanib qolishning oldini olish asosiy vazifalardan qilib belgilab beradi.
Odam savdosi bilan bog‘liq holatlariga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimizda keskin chora-tadbirlar ishlab chiqilib, bu borada jinoyat qonunchiligimizda ham javobgarliklar belgilab berilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga ko‘ra, odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish jinoyati uchun uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi deb belgilab o‘tilgan, shuningdek ushbu moddada og‘irlashtiruvchi holatlarni ham nazarda tutib, har bir og‘irlashtirilgan holatdagi jinoyati uchun javobgarlik ham og‘irlashtirilib o‘tilgan.
Zero, O‘zbekiston Respublikasida har qanday jinoyat uchun jazo muqarrardir.