“Bir sud – bir instansiya” tizimi joriy etildi
Yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlari natijasi o‘laroq 2021 yil 1 yanvardan boshlab, sud tizimida “bir instansiya – bir sud” tizimining joriy etilgani va nazorat instansiyasining tugatilishi munosabati bilan 2021 yil 12 yanvar kuni qabul qilingan qonunlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksi, Fuqarolik prosessual kodeksi, Iqtisodiy prosessual kodeksi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish hamda qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021 yil 15 yanvardagi “Sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan prosessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorida ham yuqoridagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlar mazmunidan kelib chiqib, amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar o‘z yechimini topgan. Jumladan:
– ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda apellyasiya instansiyasining joriy etilishi munosabati bilan Plenum Qarorining 2-bandi 5-xatboshisida ushbu ishlar bo‘yicha kassasiya shikoyatlari (protestlari) apellyasiya shikoyati (protesti) berish muddatini, agar u o‘tib ketgan bo‘lsa, tiklagan holda apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilishi lozimligi;
– fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida Plenum Qarorining 2-bandi 5-xatboshisida apellyasiya va kassasiya instansiyasi sudlari tomonidan 2021 yil 13 yanvarga qadar chiqarilgan qarorlar ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atiga kassasiya tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkinligi;
– viloyat va unga tenglashtirilgan sud qarorlari ustidan berilgan apellyasiya shikoyatlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanayotganligi munosabati bilan, loyihaning 3-bandida viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sud hujjatlari ustidan berilgan va mazkur sudlar tomonidan sud muhokamasi boshlangan (ish yuritishga qabul qilingan) apellyasiya va kassasiya shikoyatlari (protestlari) mazkur bosqich sudlari tegishli sudlov hay’atlari tomonidan mazmunan ko‘rib tugallanishi shartligi;
– “bir instansiya - bir sud” tamoyilining joriy etilishi munosabati bilan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sud hujjatlari ustidan berilgan shikoyat (protest)lar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilishi sababli Plenum qarorida mazkur sudlar tomonidan sud muhokamasi boshlangan (ish yuritishga qabul qilingan) apellyasiya va kassasiya shikoyatlari (protestlari) mazkur bosqich sudlari tegishli sudlov hay’atlari tomonidan mazmunan ko‘rib tugallanishi shartligi, sud muhokamasi boshlanmagan (ish yuritishga qabul qilish masalasi hal etilmagan) apellyasiya va kassasiya shikoyatlari (protestlari) shikoyat (protest) bergan shaxslarga apellyasiya shikoyati (protesti) bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining tegishli sudlov hay’atlariga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan, apellyasiya shikoyati (protesti) berish muddatlari o‘tib ketgan holda esa, apellyasiya shikoyatiga (protestiga) shikoyat (protest) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomani ilova qilish zarurati tushuntirilgan holda qaytarilishi lozimligi;.
– fuqarolarning sud qaroriga nisbatan shikoyat qilish huquqini asossiz ravishda buzilishini oldini olish maqsadida, Plenum Qarorida apellyasiya yoki kassasiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishda qonunlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar muddatni o‘tkazib yuborishda uzrli sabab bo‘ladigan holat sifatida tan olinishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Qabul qilingan Plenum qarori sudlar tomonidan qonunni qo‘llashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklarni oldini olishga xizmat qilish bilan birga fuqarolarda yuzaga kelgan ko‘plab savollarning yechimini topib berdi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Elbek Turg‘unboyev,
Toshkent shahar sudi sudyasi