Bahordagi surunkali charchoq sindromi qandli diabet alomatimi?

Bahordagi surunkali charchoq sindromi qandli diabet alomatimi?

Bahor kelib, kunlar isiy boshlashi bilan ko‘pchilikda vitamin yetishmasligi kuzatiladi. Bu esa tanada holsizlik va kuchli charchoq alomatlari bilan namoyon bo‘ladi.

Darhaqiqat, bunday belgilar erta bahor fasliga xos bo‘lib, aksariyat insonlarni bezovta qiladi, — deydi tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova.

Biroq ushbu holatni faqat “ilik uzildi” mavsumi bilangina bog‘lash to‘g‘ri emas. Sababi umumiy holsizlik bir qator infeksion va noinfeksion kasalliklarning ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Yuqumsiz endokrin (qandli diabetning ikkinchi turi) va xavfli o‘sma xastaliklari, revmatizm, revmatoid artrit, kamqonlik, yurak qon-tomir kasalliklari shular jumlasidan.

Bemor hayotiga xavf soladigan qandli diabetning ikkinchi turi (qondagi qand miqdorining oshib ketishi) ko‘pincha 40 va undan katta yoshdagi kishilarda uchraydi. Bunga nasliy moyillik yoki noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik, kamharakatlik, asabiy zo‘riqish kabilar sabab bo‘ladi.

U yashirin kechadi, lekin bosh miya, ko‘z tubi, yurak, buyrak, hamma yirik va mayda arterial qon-tomirlar shikastlanib boradi. Bu patologik jarayon yurak qon-tomir va buyrak yetishmovchiligiga olib keladi.

Surunkali V va S virusli gepatitlar (jigar kasalliklari) esa yuqumli bo‘lib, in’eksiya orqali, qon quyishdan, homilador onadan bolaga yuqishi mumkin. Xastalik yashirin kechgani bilan bemorda kundan-kunga umumiy holsizlik kuchayib boradi.

Agar sizni surunkali charchash sindromi bezovta qilsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Tibbiy ko‘rik jarayonida mutaxassis holsizlik sabablarini aniqlashda yordam beradi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!