Ayolning yalang‘och rasmi uchun 10 ming AQSh dollari talab qilgan erkakka qanday jazo berildi?

Erkak ayolning yarim yalang‘och qiyofasini telefoni orqali suratga olib, uni internet tarmoqlarida tarqatishini aytib, pul talab qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida o‘zining qabih qilmishi bilan begunoh bir ayolning sha’nini toptagan kimsaga nisbatan hukm o‘qildi. Har bir kishining yuragini larzaga soladigan bu jinoyat tafsilotlarini so‘zlab berish nihoyatda og‘ir. Ammo shunga qaramay, biz bu jinoiy qilmish balki kimlargadir saboq bo‘ladi, degan fikrda uni bayon qilishni lozim topdik.
Odatda, qora rangdagi avtomashinani tez-tez yuvib turishga to‘g‘ri keladi. Sobir ham (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) avtomashinasi qora rangda bo‘lgani bois tez-tez avtomobillarni yuvish shoxobchasiga borib turardi. U tabiatan ancha kibrli, olifta yigit edi. Qora rangdagi "Neksiya"si qora tulpordek tovlanib tursa, atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga shunchalik tortadi, deb o‘ylardi u.
O‘shanda 2011 yilning sentyabr oyi oxirlari edi. U Chilonzor tumanidagi avtomashinalar yuvish shoxobchalaridan biriga kirdi.
Qarasaki, avtomashinasini yuvdirish uchun navbat oq rangli "Spark"dan keyin kelar ekan. U, zerikmaslik uchun avtomashinasi salonida musiqani baland qo‘yib, qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib o‘tirdi. Bu orada oq "Spark"ning egasi ham keldi. Sobir unga ko‘zi tushgan zahotiyoq "Bay, bay, ana qomatu, mana qomat!" deb yuboradi. Ayol avtomashinasini toza yuvilganmi yo yo‘qmi, degan maqsadda ko‘zdan kechirayotgandi. Sobir esa, o‘zini tutib turolmadi, shosha-pisha avtomashinadagi ko‘zguga qarab sochini to‘g‘rilab qo‘ydi-da, tashqariga chiqdi. U hamon avtomashinasini ko‘zdan kechirayotgan notanish ayolga yaqinlasharkan:
— Assalomu alaykum, opa, kechirasiz, bu mashina siznikimi? — dedi.
— Va alaykum assalom, ha, tinchlikmi?! — dedi ayol ajablangan ko‘yi.
— Uzr, aybga buyurmaysiz, ismingiz nima edi? — deya uni yana savolga tutdi.
— Ismim Lola... Voy, nima gap o‘zi?! — dedi ayol hayron bo‘lib unga qararkan.
Sobir esa, unga suqlanib tikilgancha jim turardi.
Ayol jahli chiqqancha yana boyagi savolini takrorladi. Shunda Sobir nima deyishni bilmay bir zum dovdirab qoldi, so‘ng tezda o‘zini qo‘lga olib, yana so‘z qotdi:
— Siz bilan tanishmoqchi edim, — dedi u surbetlarcha tirjayib va ayolning telefon raqamini so‘radi.
Ayol uning gaplarini eshitib, birdan avzoyi o‘zgardi, uni jerkib tashladi-da, avtomashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.
Shu tasodifiy uchrashuv Sobirning sira xayolidan nari ketmay qoldi.
Shuning uchun u ayolning yo‘lini poylab, hatto avtomashina yuvish shoxobchasida poyloqchilik qilishgacha bordi.
Albatta, Lola ham buni sezmay qolmadi. Shu bois u bir kuni Sobirdan ochiq so‘radi: — Ortimdan ergashib yurishni bas qiling. Men oilali ayolman. Maqsadingiz nima o‘zi?!
Ayolning bunday dadil gapirishini kutmagan Sobir birdan dovdirab qoldi. Ammo u tezda o‘zini qo‘lga olib, ayyorlik yo‘liga o‘tdi:
— Meni niyati yomon, shilqim yigit deb o‘ylamang, — dedi u. — O‘lay agar, o‘zim ham qattiq xijolatdaman. Aslida samimiy va beg‘araz bir taklifni aytmoqchi edim. Shu desangiz, onam tadbirkorlik bilan shug‘ullanadilar. Turkiya va Xitoydan kiyim-kechaklar olib kelib sotadilar. Balki sizning bo‘sh vaqtlaringiz bo‘lsa, onamga yordamlashib turarsiz?! Oilangiz uchun qo‘shimcha daromad bo‘lardi. Ishoning, sizni o‘z opamdek ko‘rib aytayapman...
Buni qarangki, Lola bu tullakning gaplarini negadir samimiy qabul qildi, unga ishondi. Hatto u boya yigitga qattiq gapirib yuborgani uchun xijolat ham chekdi. "Tuppa-tuzuk, odobli yigitga o‘xshaydi", deya u ko‘nglidan kechirdi. Keyin esa, Sobir bilan ancha gaplashgach, bunga yanada ishonch hosil qildi va ikkilanmay unga telefon raqamini berdi.
Qisqasi, shundan so‘ng Sobir Lola bilan tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turadigan bo‘ldi. Hatto Lola uning onasi Farog‘at opa bilan ham tanishib oldi. Oilaviy bordi-keldilar boshlangach, Lolaning turmush o‘rtog‘i Sobirni o‘z ukasidek samimiy qabul qildi. Sobirga aynan shu kerak edi. U hali-hanuz qabih niyatidan voz kechmagan, aksincha, qulay payt kelishini kutib yurardi. Buning ustiga Lolaning andishali, xiyol qo‘rqoqroq ekanini bilgach, u yanada dadillashdi.
Sobirning qabih niyati Lolaning yetti uxlab, bir tushiga ham kirmagandi. Shuning uchun u turmush o‘rtog‘i Samarqandga xizmat safari bilan ketganda Sobirdan farzandlarini qo‘shimcha darsga olib borib kelishni iltimos qildi. Shunday kunlarning birida u Sobirga yana qo‘ng‘iroq qiladi. U esa, uzoqroqda ekanligini aytib, uzr so‘radi.
Biroq kechki payt Lolaning o‘zi farzandlarini o‘qishdan olib, uyiga kelsa, darvozasi oldida Sobir turganini ko‘rib, hayron bo‘ladi.
Sobir esa, hech nima bo‘lmagandek, onasining shoshilinch ishi chiqib qolgani, shunga yordam zarurligini aytib, Lolani o‘zi bilan borishni iltimos qildi. Lola uning gaplariga shubha qilmadi va bolalarini uyida qoldirib chiqdi.
Shundan so‘ng Lola Sobirning avtomashinasida yo‘lga tushdi.
Sobir mashinasini noma’lum manzil tomon haydadi. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan Lola bunga e’tibor bermay xotirjam ketib borardi. Faqat yo‘lning kimsasiz, xilvat joyiga yetganda, Sobir mashinasini to‘xtadi-da, kutilmaganda, Lolaga tegajog‘lik qilishga tushdi.
Lola tug‘ishgan ukasidek bo‘lib qolgan Sobirdan bunday jirkanch qilmishni kutmagan edi. Shu bois u dovdiragancha Sobirni o‘zidan nariga surib tashlashga urinadi. Biroq insoniy qiyofasini butkul yo‘qotgan Sobir unga tashlandi...
Karaxt bir ahvolda uyiga kelgan ayol kiyim-boshini yechib axlatga uloqtirdi. U shunchalik tushkun va ojiz ahvolda ediki, o‘zidan ham, anavi maxluq qiyofasidagi Sobirdan ham nafratlanardi. O‘sha tun Lola qon yig‘lab chiqdi va ro‘y berib o‘tgan razil ishni eriga aytishga qaror qildi. Ammo ertasi kuni Sobir qo‘ng‘iroq qilib, agar birovga churq etib og‘iz ochsa, baloga qolishini, oilasi buzilib ketishini, baribir, hamma uni aybdor qilishini aytib, qo‘rqitishga tushdi.
Buni eshitib, tabiatan qo‘rqoq Lola nima qilishni bilmay qoldi.
Haqiqatan ham, eriga og‘iz ochsa, oilasi buzilib ketishi tayin. Aytmasa, vijdon azobi ado qiladi. Nima qilish kerak? Qanday yo‘l tutsa, to‘g‘ri bo‘ladi? O‘sha to‘g‘ri yo‘lni unga kim ko‘rsatadi? Lola ikki o‘t orasida qolgan edi. Bu haqda uzoq o‘yladi, ammo eri xizmat safaridan qaytgach, indamadi... Ammo bu bilan uning dard-iztiroblari kamayib qolmadi.
Aksincha, butkul insoniylik qiyofasini yo‘qotgan Sobir eri xizmat safariga ketishi bilan uning uyiga tap tortmay bostirib kelardi...
Eng yomoni, Sobirning razilligi shu darajaga borib yetdiki, u ayolning sha’nini tahqirlagani yetmaganidek, undan pul ham talab qilishga tushdi. Bir safar esa, u ayolning yarim yalang‘och qiyofasini telefoni orqali suratga oladi-da, uni internet tarmoqlarida tarqatishni aytib, pul talab qildi.
Bundan yomoni, u ojiz ahvolga tushgan ayolga shunday shart qo‘yadi: — Agar bu suratlarni sen olmasang, eringga sotaman, u sendan ko‘proq pul beradi...
U jirkanch ishi uchun 10 ming AQSh dollari talab qildi.
Xayriyatki, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan uning bu jirkanch jinoyatiga chek qo‘yildi.
Albatta, o‘zingiz ham his etib turgan bo‘lsangiz kerak, bunday ayanchli voqeaga xulosa yozish nihoyatda og‘ir. Negaki, insoniylikdek olijanob qadriyat sarhadidan chetga chiqib, ham o‘ziga, ham yaqin qavm-qarindoshlariga, ham unga ishongan boshqa oilaga og‘ir isnod keltirgan kimsani hech bir sabab bilan oqlab bo‘lmaydi.
Akmal ERGASHEV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Shayxontohur tumani sudining sudyasi