Ayol farzandlarining roziligisiz erining nomida bo‘lgan yerni sotish huquqiga egami?
— Otamning nomida 12 sotix yer bor edi. Shu yer uchun 15 yil davomida xorijda ishlab pul yuborganman. Otam “er seniki”, degan, biroq yozma ravishda rasmiylashtirilmagan. Otam o‘tgan yil yozda vafot etdi. Onam esa o‘sha yerni qo‘shnimizga sotib yuboribdi, u bo‘lsa imorat ko‘targan. Onam sotilgan yerdan boshqa 6 sotix yerni menga berishini aytgan, biroq bu ham og‘zaki gap, rasmiylashtirib berishga ko‘nmayapti. Onam farzandlarining roziligisiz otamning nomida bo‘lgan yerni sotish huquqiga egami? Xorijdan Toshkentga qaytib borib, sotilgan 12 sotix yerni qaytarib olish imkoniyatim bormi?
Ismi sir tutildi
Guli Shukurlayeva, fuqarolik ishlari bo‘yicha M.Ulug‘bek tumanlararo sudi rais o‘rinbosari:
— Birinchi navbatda otangizdan qolgan meros mulk qachon va nimaga asosan tegishli bo‘lganligini aniqlash lozim. Agar nizoli mulk ota-onangizni nikoh davrida olingan bo‘lsa, ushbu mulk Oila kodeksining 23-moddasiga asosan ularning birgalikdagi umumiy mulki hisoblanadi va otangizni vafotidan so‘ng ushbu mulkning ½ qismiga meros ochiladi.
Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga asosan ciz meros qoldiruvchining, ya’ni otangizni bolasi bo‘lganligingiz sababli, boshqa farzandlari, xotini va ota-onasi qatorida teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga egasiz.
Agar haqiqatdan ham meros ochilgan vaqtda nizoli mulk otangizga tegishli bo‘lgan bo‘lsa, xayot vaqtida ushbu mulk tasarruf qilinmagan, vasiyat bo‘yicha biror bir shaxsga qoldirilmagan bo‘lsa, va otangizni vafotidan so‘ng ciz merosxo‘rlar qatoriga kiritilmasdan, boshqa merosxo‘rlar tomonidan meros qabul qilingan bo‘lsa, Fuqarolik prosessual kodeksining 189-192-moddalariga rioya qilgan holda tegishli da’vo arizasi bilan sudga o‘z huquqlaringizni tiklash masalasida murojaat qilish huquqiga egasiz.
Og‘zaki va’dalar asosida olgan majburiyatlarni ma’lum bir shaxsni zimmasiga yuklash amaldagi qonunchilikda nazarda tutilmagan. Bunday holatda faqatgina odamning insoniyligi, mas’uliyati va o‘zaro munosabatlar asosida vujudga kelgan nizoni hal qilish mumkin.
