Aynan kimlar 15 sutkaga qamaladi?

Aynan kimlar 15 sutkaga qamaladi?

Xalq orasida kimnidir “15 sutka”ga qamalibdi degan gaplarni ko‘p uchratamiz. Xo‘sh, sutkada hisoblanadigan, odamlar orasida o‘ziga xos hissiyot hamda qo‘rquv bilan aytiladigan ushbu jazo kimlarga va nima uchun tayinlanadi?

Eng avvalo, shuni qayd etish lozimki, “15 sutka” bu ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan tayinlanadigan ma’muriy qamoqqa olish jazosidir.

Ma’muriy huquqbuzarlik deganda qonun hujjatlariga binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi.

O‘zbekistonda sodir etilgan qilmishning ma’muriy huquqbuzarlik ekanini va javobgarlikka yoki jazoga sazovorligi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan tartibga solinadi.

Ma’muriy jazo javobgarlikka tortish chorasi bo‘lib, u ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning o‘zi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida qo‘llaniladi. Jazo tayinlashdan maqsad faqat huquqbuzarni jazolash emas, balki mazkur jazo tayinlash orqali uni o‘zi tomonidan va boshqa shaxslar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish hamdir.

Bizning qonunchilik bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jarima, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni haqini to‘lash sharti bilan olib qo‘yish, ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli hisoblangan yoki bevosita shunday narsa bo‘lgan ashyoni musodara qilish, muayyan shaxsni unga berilgan maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan, ov qilish huquqidan) mahrum etish, ma’muriy qamoqqa olish hamda chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuborish ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin. Ma’muriy huquqbuzarlik uchun yuqorida qayd etilgan oltita jazodan boshqasini tayinlash mumkin emas.

Ma’muriy qamoqqa olish jazosi uch sutkadan o‘n besh sutkagacha muddatga, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun — o‘ttiz sutkagacha muddatga qo‘llaniladi. Ma’muriy qamoqqa olish tuman (shahar) ma’muriy sudi tomonidan, favqulodda holat tartibi sharoitida esa, shuningdek harbiy komendant yoki ichki ishlar organi boshlig‘i tomonidan belgilanishi mumkin.

Shu o‘rinda ushbu jazo turini tayinlashni o‘ziga xos jihatlarini tahlil qilib o‘tsak. Ma’muriy qamoqqa olish jazosi qonunchilikka ko‘ra faqatgina ma’muriy sudlar tomonidan tayinlanishi mumkin. Favqulodda holat sharoitida boshqa mansabdor shaxslar tomonidan tayinlanishi ham mumkin.

Ma’muriy qamoqqa olish jazosi faqatgina Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklar uchun qo‘llanishi mumkin. Ya’ni, sodir etilgan qilmishni ma’muriy huquqbuzarlik ekanligini ifodalovchi moddaning sanksiya qismida ma’muriy qamoqqa olish jazo chorasi nazarda tutilgan bo‘lsagina ushbu jazoni qo‘llashga qonun yo‘l beradi.

Mazkur jazo aslida favqulodda jazo chorasi bo‘lib, asosan og‘ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan va ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun tayinlanishi zarur bo‘ladi. Sudya jazo tayinlashda sodir etilgan huquqbuzarlikning xususiyatini, huquqbuzarning shaxsini, uning aybdorlik darajasini, mulkiy ahvolini, javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga oladi. Shu holatlarni o‘rganib, shaxsga sodir etgan ma’muriy huquqbuzarligi uchun ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlanmasdan uni tarbiyalab bo‘lmaydi degan asosli xulosaga kelganidagina sudya, unga nisbatan ushbu jazoni qo‘llashi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, qonunda ma’muriy qamoqqa olish chorasini homilador ayollarga, uch yoshgacha bolasi bo‘lgan ayollarga, o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolasini yakka o‘zi tarbiyalayotgan shaxslarga, o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarga, birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin emasligi belgilangan. Sud tomonidan mazkur shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish jazosi tayinlangan taqdirda esa, mazkur qaror bekor qilinadi.

Albatta, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilishini qayd etish, surishtiruv ishlarini olib borish va ma’muriy ishni yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari (mansabdor shaxslari) tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan ma’muriy ish yuritilganda, ularni harakatlarini ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan modda bilan malakalash holatlari ham uchrab turadi. Bu holat odamlar orasida “zakaz” ish sifatida e’tirof etilib kelishi ham sir emas. Bu kabi amaliyot muqaddam ayrim jinoyatlar ochilmay turganida gumonda bo‘lgan shaxslarni go‘yoki mayda bezorilik sodir etganligi sahnalashtirilib, suddan ma’muriy qamoqqa olish jazosini olishga erishishga bo‘lgan harakatlarda kuzatib kelganmiz. Bu holatda sudlar faqatgina qonunga asoslangan holda, bir inson taqdirini hal qilayotganini unutmasdan va har qanday ta’sirlarga e’tibor qaratmay qaror qabul qilishi va ma’muriy ishlarni yuritishga mas’ul bo‘lgan mansabdor shasxlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga yuzasidan tegishli tartibda tanqidiy munosabat bildirib qolishi lozim bo‘ladi.

  Sudlar tomonidan yuqorida qayd etilgan barcha mezonlar va holatlarga e’tibor qaratgan holda ishlarni hal qilinishi xalq orasida “15 sutka” deya nomlanadigan ushbu jazo turini haqiqatdan adolat tarozisida tortilgan holda tayinlanishini ta’minlab beradi.

O‘.Po‘latov, Farg‘ona viloyat ma’muriy sudi sudyasi 

 A.Akramov, Toshloq tuman ma’muriy sudining raisi 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!