Axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlar uchun javobgarlik joriy etilmoqda
Mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish holatlari yo‘q emas.
Ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilishdek tubanliklar kuzatilmoqda.
Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.
Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun shu maqsadda ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga ma’lum bir haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib bormoqda.
Hozirda birgina IMEI kodida 5 ming 11, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2 ming 347 SIM-kartalar bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan.
Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash belgilanmagan.
Shu sababli, qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikasiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikasiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda.
Shu bilan birga, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik nazarda tutilmoqda.
Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar ushbu jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni fosh etishda yordam bergan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi senatorlar tomonidan qayd etildi.
