Avstriya aholisiga oddiy niqob o‘rniga respirator taqish majburiy qilindi

Avstriya aholisiga oddiy niqob o‘rniga respirator taqish majburiy qilindi

Avstriya aholisiga 25 yanvardan do‘kon va jamoat transportida odatiy mato niqob o‘rniga yuqori himoyalangan FFP2 respiratorini taqishi majburiy etib belgilandi. Bu haqda Avstriya kansleri Sebastyan Kursning 17 yanvar kuni Federal hukumat tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bergan bayonotiga tayanib, «RBK» yozmoqda.

Avstriya sog‘liqni saqlash vaziri Rudolf Anshoberning ta’kidlashicha, respirator virusdan ishonchliroq himoya qiladi, ammo uning narxi odatiy niqobdan ancha yuqori bo‘lgani bois barcha niqoblar o‘z tannarxida sotiladi, kambag‘allarga esa bepul taqdim etiladi. Mahalliy The Local gazetasining xabar berishicha, respirator narxi, taxminan, 1 yevro bo‘ladi.

FFP2 respiratorlarini majburiy taqishdan tashqari, 25 yanvardan Avstriyada jamoat joylarida 2 metr oraliq masofani saqlash talabi ham kuchga kiradi.

Sebastyan Kurs Avstriyada karantin muddati 7 fevralga qadar uzaytirilishini e’lon qildi. Avvalroq cheklovlar 18 yanvarda olib tashlanishi haqida xabar berilgandi. «Karantin uzaytirilishiga sabab Avstriyada koronavirusning «britancha» shtammi aniqlangan, u ikki baravar tez tarqalmoqda», — dedi kansler.

Amaldagi cheklovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar veb-sayt orqali e’lon qilingan.

Uydan faqat oziq-ovqat xarid qilish, sport bilan shug‘ullanish, ish yoki o‘qish uchun chiqishga ruxsat etiladi. Oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar, pochta aloqasi soat 6:00 dan 19:00 gacha ishlaydi. Xizmat ko‘rsatish sohasidagi tashkilotlari (bank, sug‘urta kompaniyalari, ustaxonalardan tashqari), restoran va mehmonxonalar faoliyatiga qo‘yilgan taqiq o‘z kuchida qolmoqda. Muzeylar, kutubxona, arxiv, hayvonot bog‘i va botanika bog‘lari yopiqligicha qoladi.

Maktablarda masofaviy o‘qitish davom etadi. Quyi Avstriya va Venada 8 fevraldan, mamlakatning boshqa qismlarida 15 fevraldan maktablar faoliyatini bosqichma-bosqich hamda ikki smenada boshlash rejalashtirilgan.

Sport inshootlari va arqon yo‘li mashg‘ulotlari xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda faoliyatini davom ettiradi. Mazkur muassasalarda respirator taqish va 1 metr oraliq masofani saqlash majburiydir.

Respirator oddiy niqobdan farqli o‘laroq, havoni samaraliroq filtrlaydi. Uning asosiy farqi shundaki, niqob kasal odam yo‘talganda yoki aksirganda chiqadigan virus va bakteriyalar tarqalishini kechiktiradi, respirator sog‘lom odamni himoya qilib, uning tanasiga virus tushishining oldini oladi. Respiratorlar bir nechta turga bo‘linadi: klapanli, klapansiz, filtr bilan o‘rnatilgan va almashtiriladigan. Ular yuzga yaqinroq turadi. Respiratorlar uchta himoya sinfiga ega: birinchi sinf respiratori changdan, ikkinchi sinf (FFP2) – yog‘ va suvga asoslangan aerozollardan himoyalaydi, uchinchisi toksik moddalarning yuqori konsentrasiyali sanoatida qo‘llaniladi. Bitta respiratorni olti-sakkiz soat davomida taqish mumkin.

15 yanvardan boshlab Avstriya hukumati mamlakatga kiruvchilar uchun majburiy onlayn ro‘yxatdan o‘tishni joriy qildi. FFP2 respiratorini taqish faqat Avstriyada emas, Germaniyada ham majburiy qilingan.

Mazkur qoida birinchi bo‘lib Germaniyaning eng yirik federal shtati Bavariyada kuchga kirgan. Angela Merkelning 16 ta federal shtatlar rahbarlari bilan uchrashuvidan so‘ng respirator taqish butun Germaniya aholisiga majburiy qilindi. Germaniyada amaldagi cheklovlar 14 fevralga qadar uzaytirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!