Arctic open kinofestivali hakamlar hay’atiga o‘zbek rejissyori rahbarlik qiladi

Arctic open kinofestivali hakamlar hay’atiga o‘zbek rejissyori rahbarlik qiladi

Rossiyaning Arxangelsk shahrida bo‘ladigan Arctic open kinofestivalining badiiy filmlarni baholash hakamlar hay’atiga o‘zbek rejissyori Yusuf Roziqov rahbarlik qiladi.

Kinofestival 4–8-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Festivalning eng yaxshi filmlari kinoforum marafonida namoyish etiladi. Bundan avvalgi Arctic open kinofestivalida 53 ta kinokartina taqdim etilgan va filmlarni 5 mingdan ortiq kishi tomosha qilgan.

O‘tgan yilgi kinofestivalda Yusuf Roziqovning "Turkcha egar" filmi “Eng yaxshi ssenariy uchun” nominasiyasi bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritgan.

Roziqov aktyor sifatida 1972 yilda kinoda debyut qilgan, 1990 yilda ilk rejissyorlik ishi – "Eski ustozning vasiyati" filmini suratga olgan va o‘zi bosh rolni ijro etgan.

Faoliyati davomida 20 dan ortiq film ishlagan, ular orasida eng mashhurlari "Gastarbayter" va "Uyat" filmlaridir. Roziqov, shuningdek, "Zodiak zarbasi", "Kambag‘al qarindoshlar", "Sklifosovskiy" va boshqa mashhur seriallarning ssenariy muallifi sifatida ham tanilgan.

Kinofestivalning qisqa metrajli filmlar nominasiyasi hakamlar hay’ati raisi kanadalik Denni Lennon bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!