AQShning yordamisiz Ukraina yozgacha hozirgi sur’atda jangovar harakatlarni davom ettirish uchun yetarli qurolga ega

Bu haqda WSJ nashri xabar bermoqda.
Pentagonning sobiq rasmiysi Selesta Uollanderning so‘zlariga ko‘ra, Jo Bayden ma’muriyati tomonidan Ukrainaga ajratilgan yirik qurol-yarog‘ partiyalari kamida 2025 yilning o‘rtalarigacha yetarli bo‘lishi mumkin.
Ukrainaning Come Back Alive tashkiloti katta tahlilchisi Nikolay Beleskov Ukraina Qurolli kuchlari "olti oy yoki bir yil bardosh berishi" mumkinligini, undan keyin esa Yevropa davlatlari tomonidan o‘q-dorilar ishlab chiqarishga tayanishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidladi.
Zelenskiyning ismini oshkor etmagan yordamchisi AQShning harbiy yordamni to‘xtatishini "eng yomon ssenariy" deb atadi va Ukraina o‘zining harbiy ishlab chiqarishini ham kuchaytirishga majbur bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
"Hozirda Ukraina Qurolli kuchlari foydalanuvchi harbiy texnikaning taxminan 55 foizini mamlakatning o‘zi ishlab chiqaradi yoki moliyalashtiradi. 25 foizini Yevropa yetkazib beradi, AQSh esa 20 foiz ulushga ega", — deya ma’lum qilgan G‘arb rasmiylari.
Biroq AQSh tomonidan yetkazib berilayotgan ayrim zamonaviy qurollar o‘rnini masalan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, “er-er” tasnifidagi ballistik raketalari va uzoq masofali raketa artilleriyasini qisqa muddatda boshqa manbalardan to‘ldirishning iloji yo‘qligi qayd etilgan.
WSJ nashrining yozishicha, Yevropa bu yetishmovchilikni qoplashga harakat qilmoqda. Gazeta manbalariga ko‘ra, 2024 yilda Yevroittifoq, Buyuk Britaniya va Norvegiya Ukrainaga jami 25 milliard dollarlik qurol-yarog‘ va o‘q-dori yetkazib bergan — bu ko‘rsatkich AQShning o‘sha yildagi harbiy yordami hajmidan ko‘proq hisoblanadi.