AQSh o‘z qo‘shinlarini Ekvadorga joylashtirmoqchi
Qo‘shma Shtatlar Ekvadorda harbiy baza yaratish va o‘z qo‘shinlarini u yerga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda AQSh davlat kotibi Marko Rubio respublika tashqi ishlar vazirligi rahbari Gabriela Sommerfeld bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Biz AQSh qo‘shinlarini Ekvadorga uzoq muddatli asosda joylashtirish imkoniyati haqida gaplashdik, albatta, Ekvador hukumati bilan hamkorlikda", — dedi Rubio. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu "harbiy xizmatchilarni birgalikda tayyorlash, amaliyotlar o‘tkazish va umumiy tahdidlarga javob qaytarish imkoniyatlarini yaratish” imkonini beradi.
Uning eslatishicha, Qo‘shma Shtatlar ilgari respublikada harbiy bazani saqlab kelgan, biroq 2009 yilda ular mamlakat sobiq prezidenti Rafael Korreaning (2007-2017) iltimosiga ko‘ra o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga majbur bo‘lgan.
"Agar ular bizni taklif qilishsa, biz bu imkoniyatni ko‘rib chiqamiz", — deya davom etdi Rubio va bu strategik ahamiyatga ega masala ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, Davlat kotibi Amerika qo‘shinlarini Ekvador hududiga joylashtirish uchun Qo‘shma Shtatlar respublika rahbariyatidan tegishli taklifnoma olishi kerakligini ta’kidladi.
Rubio, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ekvadorga xavfsizlik ehtiyojlari, jumladan, "narkotik moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash" uchun 13,5 million dollar ajratishini aytdi. Bundan tashqari, Amerika tomoni respublikaga dengiz flotini jihozlash uchun 6 million dollarlik uchuvchisiz uchish apparatlarini beradi.
