AQSh Ukraina bo‘yicha maxfiy strategiya tayyorladi

AQSh Ukraina bo‘yicha maxfiy strategiya tayyorladi

AQSh davlat departamenti Ukrainada islohotlar o‘tkazishga doir maxfiy strategiya tayyorladi. Bu haqda Politico nashri xabar berdi.

Tahririyat ixtiyoridagi hujjatga ko‘ra, prezident Jo Bayden ma’muriyati Vladimir Zelenskiy hukumatidan birinchi navbatda korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishni kutmoqda.

Yuqori eshelonlardagi korrupsiya harbiy davr ma’muriyatiga nisbatan Ukraina jamoatchiligi hamda xorijlik yetakchilarning ishonchiga raxna solishi mumkin, deyiladi hujjatda.

Qayd etilishicha, g‘arblik hamkorlar Ukrainaga yo‘llanayotgan katta miqdordagi moliyaviy ko‘mak o‘z manziliga yetib bormasligi va korrupsion sxemalar orqali o‘zlashtirilishidan xavotirda.

Rasmiy Vashington ham bu boradagi xavotirini oshkora tarzda bildirmayotgan bo‘lsa-da, mazkur masala Kiyev bilan maxfiy muloqotlarda muntazam ravishda ko‘tarilmoqda.

Politico nashrining yozishicha, Ukrainadagi poraxo‘rlik AQSh mulozimlari, jumladan, prezident Baydenda anchadan buyon tashvish uyg‘otib kelmoqda. 2022 yil fevral oyida Rossiya bosqini boshlangach, bu masala ikkinchi planga o‘tgan edi.

Yangi strategiyada esa Kiyevga korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurashish bo‘yicha talablar ilgari surilgan. Energetika va konchilik sektorlarini oligarxlardan xoli qilish tavsiyasi ham mavjud.

Bayden ma’muriyati Kiyev hukumatiga korrupsiyaga qarshi kurash shartini qo‘yayotgani sabablaridan yana biri bu – Respublikachilar partiyasining talabidir. Sir emas, Bayden boshchiligidagi demokratlarga muxolif bo‘lgan respublikachilar Ukrainaga moddiy va harbiy ko‘makni kamaytirish niyatida. Kuni kecha AQSh qonunchilik idorasida tasdiqlangan hukumatni muvaqqat moliyalashtirishga doir hujjatda ham Ukrainaga yordam nazarda tutilmagan.

Joriy yil may oyida Ukraina Oliy sudi rahbari Vsevolod Knyazev 2,7 million dollar pora olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Yaqinda prezident Vladimir Zelenskiy mudofaa vazirligi tizimidagi bir qator mulozimlarni korrupsion ayblovlar ortidan ishdan bo‘shatdi.

Tahlilchilar siyosiy va harbiy tuzilmalarda tozalashlar davom etishi, bu Kiyevning g‘arblik hamkorlar talabini inobatga olayotgani belgisi ekanini aytmoqda.

Maxfiy strategiyaga Ukrainadagi davlat banklarini xususiylashtirish, mudofaa tizimini NATO standartlariga moslashtirish kabi bandlar ham kiritilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!