AQSh Ukraina AESlari haqida bayonot berdi

Hozirda Amerika ma’muriyati Ukraina AESlarini AQSh mulkiga o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmayapti, dedi AQSh energetika vaziri Kris Rayt.
Amerika tomoni Ukraina atom elektr stansiyalarini nazoratga olishi mumkin. AQSh tegishli tajribaga ega. Bu haqda AQSh energetika vaziri Kris Rayt bir kun avval Fox News telekanali efirida aytib o‘tdi, deb xabar beradi korrespondent.net.
“Men bu borada hech qanday muammo ko‘rmayapman, biz buni qila olamiz”, dedi u urushni tugatish uchun Ukraina AESlarini boshqarishda AQShning ehtimoliy ishtiroki haqidagi savolga javob berar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh “bunday elektr stansiyalarni boshqarishda ulkan texnik tajribaga ega” va buning uchun harbiy kuch kerak emas.
Shu bilan birga, Raytning qo‘shimcha qilishicha, Amerika ma’muriyati hozirda Ukraina AESlarini AQSh mulkiga o‘tkazish imkoniyatini muhokama qilmayapti.
Bir kun avval Prezident Vladimir Zelenskiy Donald Tramp bilan ZAESni tiklashda AQSh yordami imkoniyatlarini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi. Uning ta’kidlashicha, tomonlar stansiyalar tarmog‘i haqida emas, faqat hozirda ishg‘ol ostida bo‘lgan stansiya haqida gaplashishgan.
Shu bilan birga, Oq uy bir kun avval Tramp va Zelenskiy Ukraina AESlari ishini muhokama qilganini ma’lum qildi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, Tramp AQSh stansiyalarni boshqarishda yordam berishi mumkinligini ma’lum qildi.