AQSh Osiyo davlatlaridan kelgan 119 nafar migrantni Panamaga deportasiya qildi, ular orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor

Bu haqda The New York Times xabar bermoqda.
"Panamaga deportasiya qilinganlar orasida O‘zbekiston, Afg‘oniston, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston va Turkiyadan kelgan odamlar bor", deb yozadi nashr.
"AQShdan deportasiya qilingan noqonuniy migrantlar mehmonxonaga joylashtirilgan va keyinchalik Kolumbiya bilan chegaradosh Daren provinsiyasidagi boshpanaga olib ketiladi. U yerdan Vashington tomonidan moliyalashtirilgan reyslar orqali o‘z mamlakatlariga qaytariladi. Jarayon BMTning Xalqaro migrasiya tashkiloti nazorati ostida o‘tmoqda. AQSh Panamaga jami 360 noqonuniy migrantni deportasiya qiladi", — deya ma’lum qildi Panama prezidenti Xose Raul Mulino.
Deportasiya jarayoni Panama va AQSh hukumatlari o‘rtasida boshqa davlatlar fuqarolarini Markaziy Amerika mamlakatiga deportasiya qilishga ruxsat beruvchi kelishuv asosida amalga oshirilgan. Panama Tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, yetib kelgan migrantlar AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tgandan so‘ng qo‘lga olingan va ular muqaddam sudlanmagan.
"Biz bu masalada AQSh bilan hamkorlikda ishlayapmiz, deportasiyani to‘g‘ri amalga oshirish bo‘yicha yaqin aloqadamiz. Hozir Panamada fuqarolarimiz bormi, ularning soni qanchaligini aniq bilmaymiz. Agar bor bo‘lsa, biz hech shubhasiz ularni qaytarish uchun to‘liq yordam beriladi", — deya munosabat bildirdi O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov.