AQSh Fors ko‘rfazida qanday zarar ko‘rdi?
2026 yil 28 fevralda boshlangan AQSH–Isroil operasiyasi ortidan Eron tomonidan amalga oshirilgan «to‘yintiruvchi zarbalar» strategiyasi mintaqadagi AQSh harbiy infratuzilmasiga sezilarli zarar yetkazdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron kuchlari ballistik raketalar va dronlar yordamida jami 6 657 ta hujum uyushtirgan. Natijada kamida 17 ta AQSh ob’ektiga zarba berilgani qayd etilmoqda.
Eng katta talafot Quvaytdagi Kemp-Arifjan va Ali al-Salem bazalarida kuzatilib, o‘nlab binolar va angarlar vayron bo‘lgan, shuningdek sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimlari ishdan chiqqan. Bu holat AQSh Markaziy qo‘mondonligi faoliyatiga vaqtinchalik ta’sir ko‘rsatgan.
Bahraynda AQSh 5-floti shtabi binolariga ham zarar yetgan. Iordaniyada esa THAAD tizimiga tegishli radar yo‘q qilingani xabar qilinmoqda. BAAdagi Al-Dafra bazasida ham ayrim shikastlanishlar kuzatilgan.
Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar oqibatida 15 nafar harbiy halok bo‘lgan, 538 nafari yaralangan. Shuningdek, bir nechta harbiy samolyotlar yo‘qotilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan umumiy zarar 16,5 milliard dollardan oshgan.
Mutaxassislar fikricha, Eronning mazkur taktikasi havo hujumidan mudofaa tizimlarini ortiqcha yuklash orqali AQSh uchun urush xarajatlarini keskin oshirishga qaratilgan.
