Apple foydalanuvchilarining ma’lumotlarini hukumat vakillariga taqdim etadi

Apple foydalanuvchilarining ma’lumotlarini hukumat vakillariga taqdim etadi

So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, texnologiya gigantlari orasida Apple kompaniyasi foydalanuvchilarining maxfiy va sezgir ma’lumotlarini davlat organlariga taqdim etishda yetakchi o‘rinda turadi.

So‘nggi 10 yil ichida Apple davlatlardan kelgan so‘rovlarning 82% ini qondirgan. Bu ko‘rsatkich boshqa texnologiya kompaniyalari bilan solishtirganda yuqori. Masalan, Google 73% so‘rovga, Microsoft esa 67% so‘rovga ijobiy javob bergan.

Bu yerda qiziqarli bir jihat shuki, AQSh hukumati so‘nggi 10 yil ichida Apple va boshqa kompaniyalarga jami 3,3 mln so‘rov yo‘llagan. Bu raqam AQSh aholisining qariyb 1% i haqida ma’lumot to‘plashni anglatadi. Boshqa tomondan, Rossiya hukumati shu davr mobaynida atigi 11 320 ta so‘rov yo‘llagan, bu esa Rossiya aholisining 0,008% iga teng.

Bu farq davlatlar o‘rtasidagi yondashuvlar va qonuniy talablardagi farqlar bilan izohlanishi mumkin. AQSh davlat xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash kabi sohalarda ko‘proq ma’lumot talab qilsa, Rossiyada bu boradagi talablar nisbatan kamroq bo‘lishi mumkin.

Apple kompaniyasi foydalanuvchi ma’lumotlarini himoya qilishga doimiy ravishda urg‘u beradi. Lekin kompaniya qonuniy talablar asosida davlat so‘rovlariga javob berishga majbur. Apple foydalanuvchilarning iCloud da saqlangan fayllari, xabarlar va boshqa shaxsiy ma’lumotlari, davlat organlaridan rasmiy so‘rov bo‘lsa, taqdim etilishi mumkinligini tan oladi.

Transparency Report ma’lumotlariga ko‘ra, Apple o‘tgan yillarda minglab so‘rovlarni qabul qilib, foydalanuvchi ma’lumotlarini taqdim etgan. Boshqa texnologiya kompaniyalari ham shunga o‘xshash jarayonlarga duch keladi, lekin Apple’ning yuqori ko‘rsatkichlari unga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratilishiga olib keldi.

Texnologiya kompaniyalari va davlatlar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi tobora dolzarb bo‘lib boryapti. Apple va boshqa kompaniyalar foydalanuvchilarining ma’lumotlarini himoya qilish uchun ko‘plab choralar ko‘rsa-da, hukumatlar tomonidan kelayotgan so‘rovlar soni ortib borayotgani maxfiylikka doir savollarni ko‘ndalang qo‘ymoqda.

Foydalanuvchilar o‘z ma’lumotlarining qanday qo‘llanilishi haqida ko‘proq xabardor bo‘lishlari va shunga mos ravishda harakat qilishlari kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!