Ana sizga muammo! Salkam 800 o‘quvchi yangi o‘quv yilida qayerda ta’lim oladi?

Ana sizga muammo! Salkam 800 o‘quvchi yangi o‘quv yilida qayerda ta’lim oladi?

Mukammal ta’mirlanish jarayonida bo‘lgan Qo‘shrabot tumanidagi 784 o‘rinli 82-maktabdagi holat bilan tanishar ekanmiz, bu savol bot-bot xayolimizga keldi.

Maktab ta’mirlanishi may oyida boshlangan. Joriy yilning 1 sentyabriga qadar bir qismi, oktyabr oyigacha to‘liq tugallanishi rejalashtirilgan. Ammo tuman mutasaddilar ham maktab ta’mirlanishi o‘z vaqtida yakunlanishiga ishonmaydi. Yangi eshik va romlar to‘liq o‘rnatilmagan, sinfxonalar tayyor emas. Holbuki, yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi.

– Haqiqatan ham belgilangan muddatda ta’mirlash ishlari yakuniga yetishiga ishonish qiyin, – deydi Qo‘shrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi ekspluatasiya bo‘limi boshlig‘i Suvon Shirinboyev. – Sababi, bu borada ishlar sust ketmoqda.

Ushbu ta’mirlash ishlari hujjatda «Oqdaryo bunyodkor quruvchi servis» MCHJ tomonidan tenderda yutib olingani, 2 milliard 822 million so‘m mablag‘ sarflanishi aks etgan. Ammo negadir ta’mirlash ishlari «Turon KTK» MCHJ ishchilari tomonidan olib borilmoqda.

O‘zini prorab, deb tanishtirgan Ikrom Yorqulov «Turon KTK» MCHJ xodimi ekani va hozirda 40 dan ziyod ishchi ta’mirlash ishlarida ishtirok etayotganini ta’kidladi. Aslida hujjatda ta’mirlash ishlari «Oqdaryo bunyodkor quruvchi servis» MCHJ tomonidan olib borilayotganiqayd etilganini aytib, undan izoh so‘raganimizda tayinli javob olishning imkoni bo‘lmadi. Tuman XTB bo‘limi boshlig‘i S.Shirinboyev bu ikki firma bir kishiga tegishli ekanini aytib, masalaga “oydinlik kiritdi”. Har holda hujjatda boshqa, amalda esa o‘zgacha holat.

Maktabni ta’mirlash loyihasida ham bir qator kamchiliklar mavjud. Ya’ni loyiha «Eskisini ol, o‘rniga yangisini qo‘y» qabilida tuzilgan. Hech qanday zamonaviy yangilik kiritilmagan. Misol uchun, sinfxonalarning tashqariga qaragan tomonida 3-4 ta katta deraza romlari mavjud. Qizig‘i, koridor tarafida ham shunday. O‘quvchilar derazalar bilan o‘ralgan sinfda ta’lim olishadi. Axir, koridordan o‘tgan har bir kishi o‘quvchilarning xayoli bo‘linishiga sabab bo‘lmaydimi? Yorug‘lik kerakligi nazarda tutilgan bo‘lsa, koridor tomonidan sinf devorining yuqori qismidan kichik derazalar, ya’ni «fortochka»lar qo‘yilishi maqsadga muvofiq. Sarf xarajat ham kamayadi, masalaga ham yechim topiladi.

Maktab zinalarida ham katta deraza romlari o‘rnatilgan. Yarmidan ko‘p qismi zina ortidaqolib ketgan. Aslida yuqoridagi kabi «fortochka»lar o‘rnatilishi lozim. Zina ortida qolib ketgan deraza qismidan nima naf?

Maktabning ta’mirlanishi viloyat injiniring kompaniyasi buyurtmasi bilan «Hilolloyiha» xususiy korxonasi tomonidan loyihalashtirilgan.

– Kamchiliklarni bartaraf etamiz, – deydi biz bilan telefonda suhbatda korxona rahbari Ibodulla Ortiqov. – Quruvchilarga aytib, hammasini hal qilamiz.

Endimi? Shuncha sarf-xarajat, mehnat-chi? Bu kabi holatlarni loyihalash jarayonida puxta o‘ylash kerakmasmidi, aslida?

Ta’mirlash jarayoni kechikmoqda. Belgilangan muddatda yakuniga yetmasligini tuman mutasaddilari ham anglab turganini yuqorida ta’kidlab o‘tdik. Ammo masalaga qanday yechim topiladi?

– Biz ham ta’mirlash o‘z muddatida yakunlanishi tarafdorimiz, – deydi maktab direktori Mamarayim Temirov. – Ammo holatni ko‘rib turibsiz. Agar 1 sentyabrgacha ma’lum bir qismi yakuniga yetsa, ikki smenada o‘qishni tashkil etib, masalaga yechim topishga harakat qilamiz.

O‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. Tuman mutasaddilari bu masalaga tezroq echim topishi zarur. Aks holda bu 800 ga yaqin o‘quvchining sarson-sargardonligiga sabab bo‘ladi. O‘z o‘rnida bu holat ularning fanlarni o‘zlashtirishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!