Abduqodir Husanov «Lans»ning transfer bahosi oshgan yagona o‘yinchisi bo‘ldi

Abduqodir Husanov «Lans»ning transfer bahosi oshgan yagona o‘yinchisi bo‘ldi

Transfermarkt portali Fransiya chempionati 2023/24 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra, o‘yinchilarning transfer bahosini yangiladi.Unga ko‘ra, «Lans» klubi hamda O‘zbekiston milliy jamoasining himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer narxi 500 ming yevroga oshib, hozirda 2,5 million yevroni tashkil etmoqda.20 yoshli himoyachi o‘tgan yil «Energetik-BGU»dan «Lans»ga o‘tayotganida 400 ming yevroga baholangan bo‘lsa, o‘tgan 10 oy davomida Husanovning transfer bahosi 2,1 million yevroga oshgan.

Shu tariqa, Abduqodir 2,5 mln yevro narx bilan O‘zbekiston milliy jamoasining eng qimmatbaho o‘yinchilari ro‘yxatida Abbosbek Fayzullayev (6 mln yevro) va Eldor Shomurodovdan keyin (5 mln) Oston O‘runov (2,5 mln) bilan birga 3-4-o‘rinni egallab turibdi.«Lans» klubi 2022/23 yilgi mavsumda chempion «PSJ»dan bir ochko kam jamg‘arib 2-o‘rinni egallagandi, yakunlangan mavsumni esa 7-o‘rinda tugatdi. Natijadagi bu pasayish Abduqodir Husanovdan boshqa lansliklar safidagi bir qator o‘yinchilarning transfer bahosi sho‘ng‘ishiga sabab bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Ele Vai (35 mln yevro), Kevin Danso (25 mln), Fakunda Medina (25 mln) «Lans» safidagi eng qimmatbaho o‘yinchilar sanaladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!